15 mamlakat Bob al-Mandab bo‘g‘ozi, Qizil dengiz va Adan qo‘ltig‘ida kemalar qatnovini himoya qilish uchun koalitsiya tuzmoqchi

Avgust 14, 2026. 16:00 • 2 daq

133
15 mamlakat Bob al-Mandab bo‘g‘ozi, Qizil dengiz va Adan qo‘ltig‘ida kemalar qatnovini himoya qilish uchun koalitsiya tuzmoqchi
Foto telekanala «ABC News»

AR-RIYOZ, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. 15 ta davlat Saudiya Arabistoni boshchiligida ko‘p millatli dengiz mudofaasi koalitsiyasini tuzish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Anadolu” agentligiga tayanib.

Agentlikning maʼlum qilishicha, Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 13 ta davlat ichki tartib-qoidalarni yakunlab, koalitsiya nizomini imzolagan va unga qo‘shilishini rasman eʼlon qilgan. Ushbu qaror 14-avgust kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan koalitsiyani rejalashtirish idoralarining uchinchi yig‘ilishi yakunida qabul qilindi.

Koalitsiya Bob al-Mandab bo‘g‘ozi, Qizil dengiz va Adan qo‘ltig‘i hududida kemalar harakati erkinligi, xalqaro savdo va energiya taʼminoti yo‘nalishlarini taʼminlash bilan shug‘ullanadi. Unga saudiyalik kontr-admiral Abdulla bin Salim al-Shahriy qo‘mondon etib tayinlandi, uning o‘rinbosari esa Pokiston vakili bo‘ladi.

Koalitsiyaning tuzilishi Yamandagi vaziyat keskinlashuvi fonida yuz bermoqda. So‘nggi kunlarda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan husiylar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar kuchaydi. Taiz viloyatida kamida bir nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, yana biri og‘ir yaralandi. Yaman harbiylarining qayd etishicha, o‘tgan haftadan beri to‘qnashuvlarda o‘nlab hukumat askarlari halok bo‘lgan.

Husiylar Jizan shahridagi “Saudi Aramco” neftni qayta ishlash obyektiga uchuvchisiz uchoqlar yordamida yangi hujum uyushtirganini maʼlum qildi. Saudiya Arabistoni hukumati hozircha bu maʼlumotni tasdiqlamadi. O‘tgan oy Husiylar Saudiya Arabistoni kemalarining qatnovini blokada qilganini eʼlon qilgan edi.

Ayni paytda, BMTning Yaman bo‘yicha maxsus elchisi Hans Grundberg Xavfsizlik Kengashini Yaman 2022-yildan beri keng ko‘lamli jangovar harakatlarga qaytishga har qachongidan ham yaqin turgani haqida ogohlantirdi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatning qariyb 6 million aholisi ochlikka yaqin bo‘lgan oziq-ovqat tanqisligining favqulodda darajasiga duch kelmoqda.

Foto telekanala «ABC News»

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish