AQSh Isroil qo‘shinlarining Livanda doimiy qolishiga qarshi chiqdi

Avgust 13, 2026. 14:00 • 2 daq

104
AQSh Isroil qo‘shinlarining Livanda doimiy qolishiga qarshi chiqdi

BAYRUT, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSh maʼmuriyati Isroil qo‘shinlarining Livan hududida doimiy bo‘lishini qo‘llab-quvvatlamaydi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Arabiya” portaliga tayanib.

Bu haqda AQSh Davlat departamentining ismi oshkor etilmagan vakili Isroil mudofaa vaziri Israel Kasning “Isroil qo‘shinlari Livan va G‘azoning bosib olingan hududlarida qoladi”, degan bayonotidan so‘ng maʼlum qildi.

“AQSh barcha tomonlar kelishilgan doiraviy bitimlarga muvofiq harakat qilishini kutmoqda. Isroil esa Livanda hududiy daʼvolari yo‘qligini aniq bildirgan”, – dedi amerikalik rasmiy.

Gap Vashington vositachiligida Livan va Isroil o‘rtasida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv xususida bormoqda. Unda Isroil kuchlarining mamlakatdan bosqichma-bosqich olib chiqilishi, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” harakatini qurolsizlantirish va Livan janubi ustidan nazoratni Livan armiyasiga topshirish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Israel Kas Livan janubiga tashrifi chog‘ida Isroil harbiylari shu yerda qolishi hamda Isroil chegara hududida yaratilayotgan xavfsizlik zonasini tark etish niyatida emasligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil mudofaa armiyasi uzoq muddatli hozirlikka tayyor turishi lozim.

Davlat departamenti Isroil qo‘shinlarining Livan janubida doimiy joylashtirilishi bitimlarda mustahkamlangan majburiyatlarga zid ekani hamda har ikki davlatning uzoq muddatli tinchligi va xavfsizligiga xizmat qilmasligini taʼkidladi. Vashington Livanning hududiy yaxlitligi va suverenitetini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.

Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Isroil qo‘shinlarini olib chiqish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va bu jarayon “Hizbulloh”ning tekshiriladigan darajada qurolsizlantirilishiga hamda uning harbiy infratuzilmasi yo‘q qilinishiga bog‘liq bo‘lishi kerak. Bunga parallel ravishda Livan armiyasi janubiy hududlar ustidan nazoratni kengaytirib borishi lozim.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish