Donald Tramp: 280 mingga yaqin ro‘yxatdan o‘tgan saylovchi mamlakat fuqaroligiga ega emas

Iyul 17, 2026. 14:00 • 3 daq

126
Donald Tramp: 280 mingga yaqin ro‘yxatdan o‘tgan saylovchi mamlakat fuqaroligiga ega emas
“EPA” agentligi surati

VASHINGTON, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoyni 2020-yilgi saylovlarga aralashganlikda ayblab, razvedka maʼlumotlarini oshkor qilishini eʼlon qildi va axborotni yashirish bilan bog‘liq ehtimoliy holatlarni tergov qilishni talab etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, Xitoy 2020-yildan buyon amerikalik saylovchilarning maʼlumotlarini yig‘ish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazib kelgan. Uning taʼkidlashicha, Pekin 220 million nafar fuqaroning ismi-sharifi, manzili, telefon raqami va partiyaviy mansubligi kabi maʼlumotlarini noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgan.

“Men saylov infratuzilmamizning naqadar zaif ekanini fosh etuvchi o‘ta muhim razvedka maʼlumotlarini zudlik bilan oshkor qilishni eʼlon qilaman”, – dedi Amerika yetakchisi o‘z vatandoshlariga yo‘llagan telemurojaatida.

Donald Trampning qayd etishicha, olingan maʼlumotlardan Jo Bayden g‘alaba qozongan 2020-yilgi prezidentlik saylovi natijalariga taʼsir o‘tkazishga urinishda foydalanilgan. Uning fikricha, Xitoy go‘yoki ovozlarni almashtirish bilan shug‘ullangan va Amerika OAVlarida o‘zi haqida salbiy materiallar chop etilishini moliyalashtirgan.

Shuningdek, Tramp Ichki xavfsizlik vazirligi AQSH fuqaroligiga ega bo‘lmagan 280 mingga yaqin ro‘yxatdan o‘tgan saylovchini aniqlaganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, barcha shtatlar ham zarur maʼlumotlarni taqdim etmagani bois, haqiqiy raqam bundan-da yuqori bo‘lishi mumkinligini taʼkidladi.

Prezident o‘z murojaatida Milliy razvedka direktori boshqarmasi, Adliya vazirligi, FQB va MRBga taxminiy tahdidlar haqidagi axborot nima uchun mamlakat rahbariyatiga yetkazilmaganini aniqlash hamda uni yashirishga aloqador shaxslarni fosh etish vazifasini topshirdi.

“Bunday muhim axborot qanday va nima uchun yashirilgani tergov qilinsin. Uni yashirishga aloqador shaxslar ishdan bo‘shatilsin va asoslar mavjud bo‘lsa, aybdorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilsin”, – dedi davlat rahbari.

Donald Tramp AQSH saylov infratuzilmasi uchun ehtimoliy tahdidlar qatorida Rossiya, Eron, KXDR va nodavlat guruhlarni ham sanab o‘tdi.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi XXR hech qachon Amerika saylovlariga aralashmaganini va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilishini bildirdi. Diplomatik missiya AQSHdagi saylov jarayoni mamlakatning mutlaq ichki ishi ekanini taʼkidladi.

Ayni paytda, Amerika OAVlari AQSHda ro‘yxatga olingan saylovchilar ro‘yxatlarining katta qismi ochiq manbalarda mavjudligiga eʼtibor qaratdi. Bundan tashqari, “CNN” telekanali xabariga ko‘ra, rasmiylar foydalanadigan tekshiruv tizimi ilgari fuqarolikni olgan va fuqarolikka qabul qilingan amerikaliklarni ham xatolik bilan fuqaroligi yo‘qlar qatoriga kiritishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish