Avstraliyalik buxoro yahudiy ayol o‘z ajdodlarining vatani - O‘zbekistonni kashf etdi

Iyul 17, 2026. 15:00 • 2 daq

75
Avstraliyalik buxoro yahudiy ayol o‘z ajdodlarining vatani - O‘zbekistonni kashf etdi

TEL-AVIV, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. Isroilning buxoro yahudiylari hayotini yorituvchi “Menora” nashrida O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, nashrda ushbu sana munosabati bilan “O‘zbekiston–Isroil: biz ikki mamlakatni sevamiz!” nomli maxsus rukn tashkil etilgan. Ushbu rukn doirasida O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan turkum materiallar berib borilishi rejalashtirilgan.

Xususan, nashrning navbatdagi sonida asli kelib chiqishi buxoro yahudiylaridan bo‘lgan avstraliyalik tadqiqotchi Tanya Munsning “Ildizlarga qaytish” sarlavhali maqolasi chop etildi. Unda muallif O‘zbekistonga qilgan sayohati taassurotlari va o‘z ajdodlari ildizlarini izlashi haqida hikoya qiladi.

Tanya Muns O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lib, go‘daklik chog‘ida oilasi bilan Avstraliyaga ko‘chib ketgan. Oradan ko‘p yillar o‘tib, u o‘z ajdodlari tarixi bilan yaqindan tanishish, ota-onasi hamda bobo-buvilari yashagan maskanlarni ko‘rish va o‘z milliy hamda madaniy o‘zligini chuqurroq anglash maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi.

Sayohat davomida muallif Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, yahudiy madaniy merosi obidalari, qadimiy sinagogalar va mahallalar bilan tanishdi.

U o‘z maqolasida tarixiy merosga bo‘lgan ehtirom, yurtimizdagi millatlararo totuvlik muhiti hamda o‘zbek xalqining anʼanaviy mehmondo‘stligi unda juda katta taassurot qoldirganini bayon etadi.

Buxoroda mahalliy musulmon ayol bilan bo‘lgan uchrashuv alohida o‘rin egallagan. Samimiy suhbatdan so‘ng, ular birgalikda esdalik uchun suratga tushishgan. Ushbu lahzalarni tasvirlar ekan, Tanya Muns shunday deb yozadi:

“Biz quchoqlashib suratga tushdik. O‘sha lahzada kutilmagan bir haqiqatni angladim – bugun ushbu musulmon mamlakatida o‘zimni yahudiy sifatida ayrim G‘arb davlatlaridagidan ko‘ra xotirjamroq his qildim”.

Mazkur maqolaning Isroildagi buxoro yahudiylari hamjamiyatining yetakchi nashrida chop etilishi xorijlik o‘quvchilarning bugungi O‘zbekistonga, mamlakatimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash va madaniy xilma-xillikni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan izchil siyosatga bo‘lgan yuqori qiziqishidan yana bir bor dalolat beradi.

Mazkur tashabbus nafaqat xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning tarixiy Vatani bilan maʼnaviy aloqalarini mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonning bag‘rikenglik va diniy bag‘rikenglik sohasidagi xalqaro nufuzini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish