Kolkatada o‘zbek shoirasining bengal tiliga tarjima qilingan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

May 22, 2026. 18:25 • 2 daq

68
Kolkatada o‘zbek shoirasining bengal tiliga tarjima qilingan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Kolkatada o‘zbek shoirasining bengal tiliga tarjima qilingan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

DEHLI. 22-may. /“Dunyo” AA/ Hindistonning Kolkata shahridagi “Hindistan International” kongress markazida taniqli o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamning bengal tilidagi “Ko‘ngilga cho‘kkan hilol” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda G‘arbiy bengaliyalik adabiyotshunoslar, tarjimonlar, yozuvchilar, shoirlar, kitobxonlar hamda sanʼatkorlar ishtirok etdi.

Hind yozuvchisi Saykat Rakshit, aktyor va esseist Anirban Bhattacharya va boshqa hind ziyolilari Xosiyat Rustam sheʼriyatida inson psixologiyasining teran ochilganini, umuminsoniy g‘oyalarning yuksak jaranglashini, hayot falsafasining original badiiy talqinini qayd etdi.

Shoira sheʼrlarining bengal kitobxonlari ruhiyatiga yaqinligi alohida taʼkidlandi.

Taqdimot marosimida muallif Rabindranat Tagor ijodi va adabiyotning chegaralarni yengib o‘tadigan so‘nmas kuchi haqida fikr yuritdi.

“Ko‘ngilga cho‘kkan hilol” kitobining taqdimoti o‘zbek-hind adabiy aloqalarini yana-da mustahkamlash va zamonaviy o‘zbek sheʼriyatini xalqaro maydonda ommalashtirishga xizmat qiladi.

Ushbu kitob muallifning xorijda chop etilgan yigirma to‘qqizinchi asari bo‘ldi. Bungacha Xosiyat Rustamning asarlari Angliya, AQSH, Rossiya, Vyetnam, Gretsiya, Belarus, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ruminiya, Ukraina, Serbiya, Tojikiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda nashr etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish