Polsha logistika operatori O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqchi

May 22, 2026. 12:55 • 2 daq

152
Polsha logistika operatori O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqchi

VARSHAVA, 22-may. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Rohlig SUUS” logistika operatori O‘zbekistonda o‘z kompaniyasini ochish niyatida, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Puls Biznesu” nashriga tayanib.

Taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari Polsha biznesi, menejerlari va sarmoyaviy tuzilmalari uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda. Xususan, “PKO BP”ning sobiq rahbari Rafal Yushchak O‘zbekistondagi “Hamkor Bank”ka raislik qila boshladi, “Selena” kompaniyasi esa respublikada ham, mintaqaning boshqa davlatlarida ham o‘z sarmoyaviy faoliyatini kengaytirishda davom etmoqda.

Shuningdek, Polshaning “Rohlig SUUS Logistics” logistika operatori Markaziy Osiyoda o‘z faoliyatini faol kengaytirmoqda. Avvalroq Qozog‘iston bozoriga kirgan kompaniya ayni paytda O‘zbekistonda o‘z sho‘ba korxonasini ochmoqda va bu mamlakat guruh faoliyat yuritadigan to‘qqizinchi davlatga aylanadi.

Kompaniya prezidenti Pyotr Ivo Xmelevskiyning qayd etishicha, mintaqadagi faoliyatning kengayishi kuchayib borayotgan geosiyosiy beqarorlik sharoitida global logistika bozoridagi mavqeni mustahkamlash imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo sarmoyalar uchun “xavfsiz bandargoh” sifatida ko‘rilmoqda, Toshkentning tanlanishiga esa uning yuksalib borayotgan iqtisodiy ahamiyati sabab bo‘lgan. Shuningdek, u O‘zbekistonning rivojlanishi ko‘p jihatdan 1990-yillardagi Markaziy Yevropada kechgan transformatsiya jarayonlarini eslatishini qo‘shimcha qildi.

“Kompaniyaning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi mahalliy o‘ziga xosliklarni tushunadigan ishonchli hamkor izlayotgan xalqaro kompaniyalar uchun ham, xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlik qilishni maqsad qilgan mahalliy biznes manfaatlari uchun ham birdek foydalidir”, - deydi Pyotr Ivo Xmelevskiy.

O‘z navbatida, “LOT” aviakompaniyasining yo‘nalishlar tarmog‘i kengayib borayotgani mintaqada Polsha biznesining rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda. Kompaniya vakili Kshishtof Mochulskiyning, qayd etishicha, Qozog‘iston, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlarida tobora ko‘proq kompaniyalar o‘z faoliyatini kuchaytirmoqda, bu esa Markaziy Osiyoning Polsha va Yevropa biznesi uchun ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish