Nyu-Yorkda turar-joy binosi qulashi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi
Noyabr 13, 2026. 14:30 • 2 daq
• 121
NYU-YORK, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Nyu-Yorkning Bruklin tumanida turar-joy binosi qulashi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lib, 18 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The New York Times” nashriga tayanib.
O‘pirilish chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 atrofida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida ikki nafar bola, ikki nafar qurilish ishchisi va ikki nafar Ekvador fuqarosi bor. Yana ikki nafar kishi shifoxonada vafot etgan. Jabrlanganlarning to‘rt nafari qutqaruv operatsiyasida ishtirok etgan o‘t o‘chiruvchilar bo‘lgan.
Shahar hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, turar-joy binosi 1930-yilda qurilgan va to‘rtta xonadondan iborat bo‘lgan. Xavfsizlik maqsadida ushbu ko‘chadagi yana uchta uy aholisi texnik tekshiruvlar yakunlanguniga qadar vaqtincha evakuatsiya qilindi.
Nyu-York meri Zohran Mamdani qulagan bino yaqinidagi qurilish maydoniga aloqador beshta kompaniya hamda ushbu tashkilotlarga aloqador yana 100 ga yaqin obyekt tekshirilishini e’lon qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni qurilish maydonida yil boshidan buyon yer ishlari, jumladan, qoyalarni maydalash bo‘yicha portlatish ishlari olib borilgan.
Qutqaruv operatsiyasi kuchli yomg‘ir sharoitida qariyb bir kecha-kunduz davom etdi. Unda 250 nafarga yaqin mutaxassis va favqulodda xizmatlar xodimlari ishtirok etdi. Kecha o‘t o‘chirish xizmati qidiruv ishlari yakunlangani va vayronalar ostida boshqa jabrlanganlar topilmaganini ma’lum qildi.
Zohran Mamdaniyning aytishicha, shahar hokimiyati fojia sabablarini aniqlash va aybi isbotlangan shaxslarni javobgarlikka tortish niyatida.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi