Abu-Dabida Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasida mojaroni hal etish bo‘yicha muzokaralar yakunlandi
Noyabr 11, 2026. 17:30 • 2 daq
• 155
ABU-DABI, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Abu-Dabida Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasida urushni ehtimoliy to‘xtatish hamda mojaroni bartaraf etish yo‘llarini izlashga bag‘ishlangan uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi kuni nihoyasiga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “TASS” agentligiga tayanib.
Maslahatlashuvlarning yakuniy qismi qariyb ikki soat davom etdi. Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov avvalroq uch tomonlama formatdagi uchrashuvdan so‘ng yevropalik hamkorlar bilan alohida muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.
Muhokamalar chog‘ida tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish, kelgusidagi xavfsizlik kafolatlari, energetika, Qora dengizdagi xavfsizlik va harbiy asirlarni almashish masalalarini muhokama qildi. “AFP” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev o‘t ochishni to‘xtatishni Yevropadagi xavfsizlik tizimini keyinchalik muhokama qilish uchun zarur shart sifatida talab qilmoqda.
Muzokaralarning birinchi kunida harbiy asirlarni “1000 ga 1000” yoki “1500 ga 1500” formulasi bo‘yicha almashish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Moskva va Kiyevning pozitsiyalari jiddiy farq qilayotgan hududiy masalalar ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, Ukraina urush yakunlanganidan keyin kamida o‘n yil davomida 800 ming kishilik armiyani ta’minlashni moliyalashtirish bo‘yicha ham xalqaro kafolatlarga erishishga intilmoqda. Kiyev buni yuz berishi mumkin bo‘lgan yangi harbiy tajovuzdan himoyalanish uchun zarur deb hisoblaydi.
Avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralarning birinchi kunini mazmunli deb atab, asosiy e’tibor gumanitar va xavfsizlik masalalariga qaratilganini ta’kidlagan edi. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ham uchrashuvlarni samarali deb baholadi.
Maslahatlashuvlar yakunida AQSh maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Moskva hamda Kiyevda diplomatik muloqotlarni davom ettirishi kutilmoqda. Biroq harbiy harakatlarni to‘xtatish yuzasidan aniq kelishuvlar hozircha e’lon qilinmadi.
“TASS” AA surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi