O‘zbekiston farmatsevtika kompaniyalari afg‘onistonlik hamkorlar bilan yangi loyihalarni muhokama qildi
Noyabr 13, 2026. 13:00 • 2 daq
• 93MOZORI SHARIF, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Balx viloyatida O‘zbekiston va Afg‘oniston farmatsevtika kompaniyalari vakillari o‘rtasida B2B formatida biznes muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Zafar Qosimov boshchiligidagi mahalliy eksportchi korxonalar vakillari joy oldi.
Uchrashuvda delegatsiya rahbari agentlik vakillarining aprel oyida Kobul va Mozori Sharifga tashrifi yakunlari bo‘yicha tomonlar umumiy qiymati 39 million dollarga teng o‘zaro anglashuv memorandumi hamda savdo shartnomalarini imzolaganini ta’kidladi.
Hozirda mazkur memorandum doirasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, O‘zbekiston farmatsevtika korxonalari tomonidan Afg‘onistonga sifatli va maqbul narxdagi dori vositalarini yetkazib berish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
O‘zbek tomoni nafaqat dori vositalarini Afg‘onistonga eksport qilish, balki afg‘onistonlik mutaxassislar bilan tajriba almashish, ular uchun treninglar va malaka oshirish kurslarini tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Balx viloyati Dori vositalari ulgurji savdo uyushmasi raisi Muhammad Sodiq Muhammadiy va viloyat Sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nosir Ahmad Niyoziy O‘zbekiston bilan farmatsevtika yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yuksak baholanib, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik munosabatlari asrlar davomida shakllanib kelayotgani e’tirof etildi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo, sanoat, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, transport-logistika va energetika sohalarida katta imkoniyatlarga ega ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimiz farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish borasida katta tajribaga ega ekani va afg‘on tomoni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sifatli dori vositalarini katta miqdorda import qilishdan manfaatdor ekani ma’lum qilindi.
Afg‘onistonlik rasmiylar o‘zbek tadbirkorlarini Balx viloyatiga investitsiya kiritishga chaqirib, bu borada yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston va Afg‘oniston farmatsevtika sohasi vakillari o‘rtasida B2B formatida muloqotlar tashkil etilib, qator kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Kobul shahridagi “Afghanistan Health Exhibition” ko‘rgazmasida ishtirok etishi, treninglar o‘tkazishi hamda Qandahor shahriga safar qilib, farmatsevtika sohasida tegishli shartnomalarni imzolashi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



