“Sada El-Balad” AA: Toshkent xalqaro moliya markazi global kapital uchun ishonchli maydonga aylanmoqda

Iyul 23, 2026. 10:30 • 2 daq

22
“Sada El-Balad” AA: Toshkent xalqaro moliya markazi global kapital uchun ishonchli maydonga aylanmoqda

QOHIRA, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning ommabop “Sada El-Balad” axborot portalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dildora Kamalovaning O‘zbekistonda xalqaro huquq yo‘nalishida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi bu borada muhim qadam bo‘lgan.

Ushbu hujjat xalqaro investorlarga kapitalni himoya qilish, investitsiyani tatbiq etish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim huquqiy kafolatlarni taqdim etadi. Ushbu maqsadda mamlakat Konstitutsiyasi hamda qator kodekslarga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Maqolada qayd etilishicha, Toshkent xalqaro moliya markazining (TXMM) huquqiy tizimi Angliya huquqi tamoyillariga asoslangan bo‘lib, bu tizim jahon banklari va transmilliy korporatsiyalar uchun shaffof hamda tushunarlidir.

Markaz doirasida mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etilib, unga jahon miqyosidagi taniqli sudyalar jalb etiladi. Ushbu sud qarorlari mamlakatning butun hududida ijro etilishi majburiy hisoblanadi.

Misr nashri TXMM ishtirokchilari uchun berilayotgan misli ko‘rilmagan imtiyozlar paketiga alohida eʼtibor qaratgan.

Xususan, markaz aʼzolari 50 yil muddatga (2076-yil 1-yanvargacha) foyda va ijtimoiy soliqlardan ozod qilinadi. Olingan foydani maʼmuriy to‘siqlarsiz xorijga olib chiqish hamda Toshkent aeroportining o‘zida 5 yilgacha bo‘lgan muddatga soddalashtirilgan viza olish huquqi kafolatlanadi.

“Sada El-Balad” portalining xulosa qilishicha, 50 yillik soliq imtiyozlari, Angliya huquqi va mustaqil sudiga ega Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi O‘zbekistonning institutsional kapital uchun ishonchli maydon yaratish, global moliyaviy tizimning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishga tayyorligini ko‘rsatuvchi strategik qadamdir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish