Suriyada sobiq prezident sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilindi

Avgust 11, 2026. 18:00 • 3 daq

102
Suriyada sobiq prezident sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilindi
“AFP” agentligi surati

DAMASHQ, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. Damashq sudi sobiq prezident Bashar Asadni qariyb 14 yillik boshqaruvi davomidagi qotilliklar, qiynoqlar, noqonuniy hibslar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topib, sirtdan o‘lim jazosiga hukm qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Arabiya” portaliga tayanib.

Damashqning To‘rtinchi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi Faxriddin al-Aryonning taʼkidlashicha, sobiq prezidentning javobgarligi, jumladan, uning davlat qarorlarini qabul qilgan oliy mansabdor shaxs sifatidagi mavqei hamda mojaro davridagi huquqbuzarliklarga aloqador tuzilmalarga rahbarlik qilgani bilan bog‘liq.

Bu – isyonchilarning shiddatli hujumidan so‘ng 2024-yil dekabrida ag‘darilgan va oilasining ko‘p yillik hukmronligiga chek qo‘yilgan Bashar Asadga nisbatan Suriya sudining ilk hukmidir.

Hukm eʼlon qilinganidan so‘ng odamlar Damashqdagi sud binosi oldida to‘planib, shior va bayroq ko‘tarib, qarorni olqishlar bilan qarshi oldi. Daro shahrida ham bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi. Odamlar urush paytida halok bo‘lganlar va hibsga olinganlarning suratlarini ko‘tarib chiqishdi.

Shuningdek, sud 4-zirhli diviziyaga qo‘mondonlik qilgan Bashar Asadning ukasi Mohir Asadni ham sirtdan o‘lim jazosiga hukm qildi. Ushbu bo‘linma norozilik namoyishlarini bostirish va hududlarni hukumat nazoratiga qaytarishda ishtirok etgan. Mohir Asad giyohvand moddalar ishlab chiqarish va savdosini tashkil etishda ham ayblangan.

Xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi Otif Najibga ham xuddi shunday hukm o‘qildi. U Asadlar oilasining amakivachchasi bo‘lib, 2011-yilda prezidentga qarshi ilk norozilik namoyishlari boshlangan Daro viloyatidagi kuch ishlatar tuzilmalarga rahbarlik qilgan. Otif Najib 2025-yil boshida hibsga olingan va sud jarayonida shaxsan qatnashgan yagona ayblanuvchi bo‘ldi.

Sud jarayoni deyarli to‘rt oy davom etdi. Suriyaning yangi hukumati bu jarayonni o‘tish davri adolatining bir qismi va mamlakatning Asad rejimi merosidan voz kechishga urinishi sifatida taqdim etdi.

Biroq huquq himoyachilarining fikricha, o‘lim jazosi Bashar Asad va boshqa ayblanuvchilarni Suriyaga ekstraditsiya qilishni murakkablashtirishi mumkin. Ularning aytishicha, davlatlar gumonlanuvchilarni o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin bo‘lgan mamlakatga topshirmaydi.

Bashar Asad 1965-yilda tug‘ilgan va 2000-yilda otasi Hofiz Asad vafotidan so‘ng Suriya prezidenti bo‘lgan. Uning hukmronligi davrida oilaning hokimiyati va alaviy ozchilikning taʼsiri saqlanib qoldi. 2011-yilda demokratik islohotlarni talab qilib boshlangan ommaviy noroziliklar xavfsizlik kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgach, mojaro urushga aylanib ketdi. Urushning dastlabki yillarida katta hududlarni boy berganiga qaramay, Bashar Asad 2024-yil oxirigacha hokimiyatni saqlab qoldi.

Suriyaning amaldagi prezidenti Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar 2024-yil oxirida shiddatli hujum uyushtirdi. Ikki haftadan kamroq davom etgan bu yurish rejimning qulashi bilan yakunlandi.

Taxtdan ag‘darilganidan keyin Bashar Asad Damashqdan qochib ketdi va oilasi bilan birga gumanitar asoslarga ko‘ra Rossiyadan boshpana oldi.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish