Donald Tramp maʼmuriyati 175 mingdan ortiq vizani bekor qildi
Avgust 11, 2026. 16:00 • 2 daq
• 91
VASHINGTON, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSH Davlat departamenti Prezident Donald Tramp maʼmuriyati davrida xorij fuqarolarining 175 mingdan ortiq vizasi bekor qilinganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlat departamenti tomonidan kecha eʼlon qilingan axborot maʼlumotnomasiga ko‘ra, holatlarning aksariyati jinoiy faoliyat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan to‘qnashuvlar tufayli sodir bo‘lgan. Vizalarni bekor qilishning asosiy sabablari orasida viza rejimini buzish, firibgarlik, zo‘ravonlikka chaqiriqlar va departament tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid deb baholangan boshqa harakatlar ham qayd etilgan.
Vizalarni bekor qilish ko‘lami Donald Tramp maʼmuriyatining o‘tgan yili Oq uyga qaytganidan keyin boshlangan keng ko‘lamli immigratsiya kampaniyasining bir qismiga aylandi. Ushbu siyosat doirasida AQSHdan misli ko‘rilmagan darajada ko‘p migrantlar, shu jumladan, amaldagi vizaga ega bo‘lgan ayrim shaxslar deportatsiya qilindi.
Davlat departamentining maʼlum qilishicha, vizalarni bekor qilish ularning egalarini doimiy tekshirib borish jarayoni doirasida amalga oshirilmoqda. Idora tomonidan taʼkidlanganidek, bunday tekshiruvlar xorij fuqarolarining o‘z vizalari shartlariga rioya qilishlari va amerikaliklar uchun xavf tug‘dirmasliklarini taʼminlashga qaratilgan.
Vizalarni bekor qilish uchun eng ko‘p tarqalgan asoslar sifatida idora tomonidan tan jarohati yetkazish, mast holda avtomobil boshqarish, o‘g‘rilik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar keltirilgan.
Alohida misollar sifatida Davlat departamenti tomonidan nomusga tegish va jinsiy zo‘ravonlik, odam o‘g‘irlash va odam savdosi, shuningdek, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini saqlashda ayblangan xorij fuqarolari bilan bog‘liq holatlar (o‘ndan ortiq epizodlar bo‘yicha) keltirilgan.
Davlat departamenti maʼmuriyat AQSH xavfsizligiga tahdid soladi deb hisoblaydigan xorij fuqarolari bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va surishtiruv o‘tkazishni davom ettirishini bildirdi.
“Amerika vizasi — bu imtiyoz, huquq emas”, — deb taʼkidlanadi idora xabarida va ushbu imtiyozdan suiisteʼmol qilayotganlarning vizalarini bekor qilish uchun mavjud vakolatlardan bundan buyon ham foydalanishini qo‘shimcha qilinadi.
Yanvar oyida Davlat departamenti 100 mingdan ortiq viza bekor qilinganini maʼlum qilgan edi, bu o‘sha paytda rekord ko‘rsatkichga aylangan edi. Bir vaqtning o‘zida AQSH maʼmuriyati ijtimoiy tarmoqlarni tekshirishni kengaytirish va saralash protseduralarini kuchaytirish orqali viza berish qoidalarini murakkablashtirdi.
“Reuters» agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi