“Sabah” gazetasi: O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari iqtisodiy kooperatsiyasini “Olti iqtisodiyot — bir mahsulot” formulasi asosida chuqurlashtirishni taklif etdi

Oktabr 10, 2026. 17:00 • 2 daq

• 58
“Sabah” gazetasi: O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari iqtisodiy kooperatsiyasini “Olti iqtisodiyot — bir mahsulot” formulasi asosida chuqurlashtirishni taklif etdi

ANQARA, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning nufuzli “Sabah” gazetasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Ozarbayjonning sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surgan tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turistik zonasida bo‘lib o‘tgan sammitda davlatimiz rahbari mintaqa davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiyani “Olti iqtisodiyot — bir mahsulot” formulasi asosida yanada chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Nashrda qayd etilganidek, O‘zbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlarini an’anaviy savdodan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qo‘shma ishlab chiqarish va texnologik zanjirlarni yaratishga, o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish hamda transport, energetika, sanoat va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga chaqirdi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2027-yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes-forumini o‘tkazish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus platforma tashkil etishni taklif qildi.

Maqolada mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda ularning xalqaro savdodagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladigan transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish