OHIChKning Boku sammiti mintaqaviy xavfsizlik va kelgusi taraqqiyot istiqbollarini belgilaydi
Oktabr 14, 2026. 08:10 • 5 daq
• 98
TOSHKENT, 14-oktabr. /“Dunyo”/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14–15-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘ladi va Boku shahrida o‘tkaziladigan Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK)ning navbatdagi sammitida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston OHIChKning ta’sischi davlatlaridan biri sifatida tashkilot faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa, 2017-yildan keyin mamlakatimizning ushbu tashkilot faoliyatidagi o‘rni yana-da ortdi.
2019-yilda Dushanbe, 2022-yilda esa Ostona shaharlarida o‘tkazilgan OHIChK sammitlarida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yuzaga kelayotgan yangi geosiyosiy voqeliklarni hisobga olish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish borasida qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Mazkur uchrashuvlarda bildirilgan taklif va tashabbuslar tashkilotning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash, Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
OHIChK tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazkur tashkilotni tashkil etish tashabbusi 1992-yil 5-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 47-sessiyasida ilgari surilgan. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va davlatlar o‘rtasida ishonch muhitini shakllantirishdan iborat bo‘lgan. O‘tgan davr mobaynida tashkilot bosqichma-bosqich rivojlanib, xavfsizlik, iqtisodiyot, ekologiya va gumanitar hamkorlik bo‘yicha mintaqaviy muloqot maydoniga aylandi.
Bugungi kunda OHIChKga 28 ta davlat a’zo. Tashkilot BMT, YXHT, ShHT va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan munosabatlarni rivojlantirish borasida keng ko‘lamdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.
So‘nggi yillarda Osiyo xalqaro siyosat va jahon iqtisodiyotining muhim markazlaridan biriga aylanmoqda. Mintaqada geosiyosiy raqobatning kuchayishi, qurolli mojarolar, terrorizm, transmilliy jinoyatchilik, iqlim o‘zgarishi, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq yangi tahdidlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishni taqozo qilmoqda.
Bunday sharoitda OHIChKning ahamiyati yanada ortadi. Tashkilot siyosiy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va umumiy muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Bokudagi sammitning asosiy ahamiyati shundaki, u tashkilotning kelgusi maqomi va imkoniyatlarini belgilashga xizmat qiladi. Xususan, OHIChKni to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylantirish, huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda sheriklikning amaliy natijalarini kengaytirish sammit kun tartibining muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.
Dunyodagi mavjud murakkab geosiyosiy vaziyat sharoitida har tomonlama samarali qarorlar qabul qilish alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, Boku sammiti davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va OHIChKning zamonaviy tahdidlarga o‘z vaqtida va munosib javob berishida juda muhim.
Ozarbayjonning 2024–2026-yillardagi raisligi davrida ushbu jarayonga alohida e’tibor qaratilmoqda. Boku tomonidan ilgari surilgan “Kuchli OHIChK: Osiyoda o‘zaro bog‘liqlik, raqamlashtirish va barqaror o‘sish” shiori tashkilotning kelgusi rivojlanish ustuvorliklarini ifodalaydi.
Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash faqat siyosiy kelishuvlar bilan cheklanmaydi. Davlatlar o‘rtasida savdo, investitsiya, transport va texnologik aloqalarning rivojlanishi ham mintaqaviy barqarorlikning muhim omilidir. Shu ma’noda, Ozarbayjon raisligi davrida transport bog‘liqligi va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston 2022-yilda Ostonada o‘tkazilgan sammitda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajali xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish, “Avlodlar muloqoti” formatini yo‘lga qo‘yish va transport bog‘liqligini rivojlantirish tashabbuslarini ilgari surdi.
Davlatimiz rahbarining raqamlashtirish va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda “Yashil Osiyo” dasturi doirasida muntazam ekspertlar maslahatlashuvlarini o‘tkazish kabi tashabbuslari ham katta qiziqish uyg‘otdi.
2023-yil oktyabr oyida Samarqandda OHIChK Yoshlar kengashining yig‘ilishi doirasida “Avlodlar muloqoti”ning ilk bor o‘tkazilgan ushbu takliflarning amaliy mazmun kasb etayotganini ko‘rsatdi.
O‘zbekistonning OHIChK doirasidagi ustuvor manfaatlari, avvalo, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Afg‘oniston masalasi bo‘yicha muloqotni rivojlantirish, transport-tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikni mustahkamlash hamda raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, Boku sammiti O‘zbekiston uchun milliy va mintaqaviy manfaatlarga mos tashabbuslarni ilgari surish, hamkor davlatlar bilan amaliy kelishuvlarga erishish hamda OHIChKning tizimli rivojlanishida faol ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.
2027-yilda Toshkentda inson huquqlari va sun’iy intellekt masalalariga bag‘ishlangan OHIChK yuqori darajali forumini o‘tkazish rejasi mamlakatimizning inson manfaatlariga yo‘naltirilgan tashabbuslarni rivojlantirayotganidan dalolatdir.
Mazkur tashabbusni inson huquqlarini himoya qilish, sun’iy intellektdan xavfsiz va maqsadli foydalanish hamda inklyuziv raqamli taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy muloqotni kuchaytirishning samarali vositasi sifatida takomillashtirish mumkin.
Boku sammitida O‘zbekiston uchun eng maqbul yondashuv – OHIChKning tashkiliy-huquqiy transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash va uning amaliy natijasiga ustuvor ahamiyat qaratishdir. Buning uchun transport, raqamlashtirish, inson huquqlari, yoshlar siyosati va ekologik xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni aniq loyihalar, ekspertlar muloqoti va muntazam tajriba almashish mexanizmlari bilan boyitish muhim.
Bokuda bo‘lib o‘tadigan OHIChK sammiti Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va tashkilotning kelgusi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilash nuqtai nazaridan muhim siyosiy voqeadir.
Sammitning natijadorligi, avvalo, tashkilotni transformatsiya qilish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish, uning huquqiy va institusional asoslarini mustahkamlash hamda hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitishga bog‘liq.
O‘zbekiston uchun ushbu sammit mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, transport-tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli va ekologik hamkorlikni rivojlantirish hamda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, OHIChKning kelgusi rivoji davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash bilan birga, uni aniq amaliy natijalarga ega bo‘lgan samarali mintaqaviy hamkorlik mexanizmiga aylantirishga xizmat qilishi lozim.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi