Bokudan munosabat: O‘zbekiston mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda faol harakat qilmoqda
Oktabr 10, 2026. 12:00 • 2 daq
• 167
BOKU, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonlik siyosiy sharhlovchi va tahlilchi, “BIZ CLUB” intellektual platformasi asoschisi Murod Sadaddinov “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 7–9-oktabr kunlari Turkmanistonga amaliy tashrifi xususida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 7–9-oktabr kunlari Turkmanistonga amaliy tashrifi O‘zbekistonning mintaqaviy kun tartibini shakllantirishdagi faol roli hamda siyosiy muloqotni aniq iqtisodiy va gumanitar loyihalarga ko‘chirishga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyon etadi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining uchrashuvi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Unda savdo, investitsiyalar, transport, energetika, ekologiya, madaniyat, ta’lim, fan va xavfsizlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Sammitda Ozarbayjonning ishtiroki alohida ahamiyatga ega. 2025-yil noyabr oyida Toshkentda uning Maslahat uchrashuvlarida to‘la huquqli a’zo sifatida qatnashishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Bugun ushbu qaror Avazada amaliy ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston savdo, transport bog‘liqligi, investitsiyaviy aloqalar va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish yo‘lida izchil pozitsiyani egallab kelmoqda. Ozarbayjon bilan hamkorlik Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Transport yo‘laklari, energetika, sanoat kooperatsiyasi va investitsiyalar birlamchi ahamiyat kasb etadi. Aynan siyosiy kelishuvlarning iqtisodiy jihatdan boyitilishi yangi formatning samaradorligini belgilab beradi.
Menimcha, bu o‘rinda ochiqlik, o‘zaro ishonch va qo‘shni mintaqalar imkoniyatlarini birlashtirishga asoslangan mintaqaviy hamkorlik yondashuvi – “Toshkent ruhi” haqida so‘z yuritish o‘rinlidir. Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlariga jalb etilishi bo‘yicha bildirilgan tashabbus ham ana shu yondashuvning amaldagi ifodasiga aylandi.
Endilikdagi bosh vazifa yangi formatni amaliy mazmun bilan boyitishdan iborat: transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiya va energetika loyihalarini hayotga tatbiq etish, qo‘shma korxonalarni tashkil qilish hamda ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish zarur.
Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston nafaqat mintaqaviy jarayonlarda ishtirok etish, balki siyosiy kelishuvlarni aniq loyihalar va mustahkam aloqalarga aylantirgan holda ularning uzoq muddatli kun tartibini shakllantirishga ham intilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi