Anqaradan munosabat: O‘zbekiston Markaziy Osiyo kelajagini belgilovchi jarayonlar markazida

Oktabr 10, 2026. 14:30 • 3 daq

• 118
Anqaradan munosabat: O‘zbekiston Markaziy Osiyo kelajagini belgilovchi jarayonlar markazida

ANQARA, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Ozarbayjondagi sobiq elchisi Xulusi Qilich “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 7–9-oktabr kunlari Turkmanistonga amaliy tashrifi xususida fikr bildirdi.

– So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo ko‘z o‘ngimizda tobora o‘zgarib borayotgani haqida tez-tez o‘ylab qolaman. Yaqingacha ikki tomonlama aloqalardek ko‘ringan munosabatlar bugun ancha kengroq manzarani hosil qilmoqda. Mintaqa yetakchilari tez-tez uchrashmoqda, ko‘proq muloqot qilmoqda va mushtarak muammolarini birgalikda hal etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifini alohida e’tibor bilan kuzatdim. Tashrif dasturidan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchilari uchrashuvi, ikki tomonlama muzokaralar hamda MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi ishtirok o‘rin oldi. Dasturning bunday tig‘iz va sermazmunligi O‘zbekistonning bugungi mintaqaviy diplomatiyadagi nufuzli o‘rnidan yaqqol dalolat beradi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat prezidentlar darajasida, balki biznes, transport, energetika, madaniyat va xalqlararo aloqalar sohasida ham o‘zaro ko‘proq muloqot qilishi kerak, degan g‘oyani izchil ilgari surib kelmoqda. Bugun bu yondashuv amalda o‘zining aniq natijalarini bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Avazadagi uchrashuvda so‘zlagan nutqida mintaqaviy hamkorlikka oddiy savdo doirasidan kengroq qarash hamda qo‘shma ishlab chiqarish va texnologik zanjirlarni barpo etishga o‘tishni taklif qildi. “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi bu fikrni juda aniq ifodalaydi. Shuningdek, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va investitsiya mexanizmlarini muvofiqlashtirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Menimcha, bugungi kunda xalqlarimizning yaqinligi va qardoshligi haqida shunchaki gapirishning o‘zi yetarli emas. Ularning chinakam qadr-qimmati yangi yo‘llar, savdo aloqalari, investitsiyalar, qo‘shma korxonalar va odamlar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lgandagina namoyon bo‘ladi.

Transport sohasi muhim ahamiyatga ega. O‘rta yo‘lakning qanchalik muhimligi Anqaradan ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu faqat Sharq va G‘arb o‘rtasidagi marshrut bo‘lib qolmay, balki savdo, ishlab chiqarish, investitsiyalar hamda Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kengaytirish uchun katta imkoniyatdir. Mazkur yo‘nalish qanchalik samarali ishlasa, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya uchun shunchalik keng imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Avazadagi uchrashuvning ahamiyatini faqat iqtisodiyot bilan cheklab bo‘lmaydi. Markaziy Osiyo yetakchilar o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar va uzluksiz siyosiy muloqot ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan davrni boshdan kechirmoqda. Mamlakatlar manfaatlari har doim ham to‘liq mos kelmasa-da, o‘zaro til topisha olish nihoyatda muhimdir.

O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyo kelajagini belgilab beruvchi ko‘plab jarayonlar markazida turibdi. Uning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon bilan munosabatlari tobora chambarchas bog‘lanib bormoqda.

Turkiya uchun bu kabi o‘zgarishlar katta qiziqish uyg‘otadi. Biz Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro aloqalarini mustahkamlayotgani va tashqi hamkorlar bilan sheriklikni kengaytirayotganini diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Bu jarayonda Anqaraning Toshkent va mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorligi juda muhim.

Bir paytlar to‘siq sifatida qaralgan geografik joylashuv bugungi kunda katta ustunliklar bermoqda. Kaspiy, Kavkaz va Markaziy Osiyo insonlar, tovarlar, g‘oyalar hamda sarmoyalar o‘zaro erkin harakatlanadigan makonga aylanishi mumkin.

Shu sababli Shavkat Mirziyoyevning Avazaga tashrifini keng ko‘lamli jarayonning salmoqli bo‘lagi sifatida baholayman. Markaziy Osiyo yanada ochiq, o‘zaro bog‘langan va o‘z manfaatlari haqida dadil so‘z ochmoqda.

Mintaqaviy hamkorlik uchrashuvlar va imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki odamlarning erkin muloqot qilishi, biznesning to‘siqsiz savdo yuritishi, investorlarning faoliyat ko‘rsatishi va davlatlarning umumiy muammolarni birgalikda hal qilishi qanchalik osonlashgani bilan o‘lchanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Avazaga amalga oshirgan ushbu tashrifining bosh mohiyatini ham aynan shunda ko‘raman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish