O‘zbekiston Prezidenti yaylovlarni tiklash va ulardan foydalanishning yangi tartibini ko‘rib chiqdi

Oktabr 13, 2026. 19:56 • 3 daq

• 45
O‘zbekiston Prezidenti yaylovlarni tiklash va ulardan foydalanishning yangi tartibini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv ta’minotini yaxshilash hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda 21 million 255 ming gektar yaylov mavjud, biroq ularning atigi 40 foizidan samarali foydalanilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu katta imkoniyatni to‘liq ishga solish yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda favqulodda muhim ekanini ko‘rsatib o‘tdi.

Yaqinda yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha imzolangan Prezident qarori ijrosini tashkil etish vazifalari belgilab olindi. Hokimlar oldiga yil yakunigacha 620 ming gektar, kelgusi yilda 3 million 700 ming gektar yaylovni qayta tiklash va hosildorligini oshirish vazifasi qo‘yildi. Ular Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bilan bir oy muddatda degradatsiyaga uchragan maydonlarni joriy yilda 10 foizga, kelasi yili 20 foizga qisqartirish bo‘yicha kompleks dasturlarni tasdiqlaydi.

Navoiy viloyatida mahalliy byudjetdan ajratilgan 30 milliard so‘m hisobiga “Kengsoy” nasos stansiyasi rekonstruksiya qilinib, 20 ming gektar yaylov o‘zlashtirilmoqda. Bu imkoniyatdan foydalanib, 11 ta tadbirkor suv havzalari qurish va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga kirishgan. Natijada ushbu maydonlarda 60 ming bosh qoramol uchun yiliga 250 ming tonna ozuqa yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida esa 1 ming 332 gektar yaylovda pivot sug‘orish tizimi joriy etilib, mahalliy sharoitga mos yangi ozuqabop o‘simliklar ekilmoqda. Ushbu tajribani Muborak va Dehqonobod tumanlarida ham yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bir yil ichida jami 9,4 ming gektar urug‘chilik maydonini tashkil etish topshirildi.

Yaylovlarni suv bilan ta’minlash uchun moliyaviy manbalar ham belgilandi. Yaylovlar ijarasidan tushadigan mablag‘lar hududiy yaylov xo‘jaliklari ixtiyorida qoldiriladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha 448 ta quduq qazilib, kelgusi yilda 1,5 million gektar yaylovning suv ta’minoti yaxshilanadi. Yil yakunigacha 1 ming 600 ta quduq ta’mirlanadi.

Qolaversa, byudjetdan ajratilgan 100 milliard so‘m hisobidan joriy yilda 161 ta, 2027 va 2028-yillarda 81 tadan – jami 323 ta sug‘orish inshooti barpo etiladi. Bu 969 ming gektar yaylovni tiklash imkonini beradi.

Yaylovlardan uzoq yillardan buyon foydalanib kelayotgan chorvadorlarning huquqlarini rasmiylashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozir 260 ming bosh chorva boqilayotgan 623 ming gektar yaylovni amaldagi foydalanuvchilar nomiga rasmiylashtirish uchun tegishli komissiyaning vakolati yil oxirigacha uzaytiriladi.

Olis hududlardagi aholi o‘z xonadonlaridagi chorvani o‘tlatishi uchun jamoat yaylovlari tashkil etiladi. Yil yakunigacha 470 ta mahallaga 627 ming gektar yaylov 49-yilga bepul ijaraga beriladi. Ushbu maydonlar soliqdan ozod qilinadi.

Yangi tartibga ko‘ra, yaylov yerlarining toifasini o‘zgartirmasdan chorvachilik komplekslari qurishga ruxsat beriladi. Bu jarayonda yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi va yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlari kabi hisoblanadi. Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami 130 gektar maydonda 55 ming boshdan ortiq chorvaga mo‘ljallangan 15 ta kompleks qurilishi belgilandi.

Yaylovlardan faqat chorva boqish uchun emas, balki ekoturizm, asalarichilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish, ko‘chatchilik, ovchilik va pillachilik yo‘nalishlarida ham foydalanish muhim ekani qayd etildi. Shu sababli yaylovlarni mazkur faoliyat turlari uchun ham ijaraga berishga ruxsat etiladi. Bunday loyihalarni amalga oshirishda yaylovlarning tabiiy holatini saqlash va ularning qayta tiklanishini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga yaylovlarni tiklash, suv va ozuqa bazasini mustahkamlash, aholi hamda tadbirkorlar uchun belgilangan yangi imkoniyatlarni joylarda amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish