Markaziy Osiyo mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalarida mavqeini mustahkamlamoqda

Noyabr 05, 2026. 10:00 • 4 daq

• 281
Markaziy Osiyo mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalarida mavqeini mustahkamlamoqda

OSTONA, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 5–6-noyabr kunlari Qozog‘iston poytaxtida amaliy tashrif bilan bo‘ladi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Aqaba jarayoni doirasida sun’iy intellekt sohasidagi xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2015-yilda Iordaniya Podshohi Abdulla II tomonidan asos solingan ushbu tashabbus o‘tgan o‘n yil ichida terrorizm, ekstremizm va transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi xalqaro maydonga aylandi. 

Uning asosiy vazifasi – davlatlar, kuch tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.

An’anaviy xalqaro tashkilotlardan farqli o‘laroq, Aqaba jarayoni doimiy kotibiyat, rasmiy a’zolik yoki yuridik jihatdan majburiy mexanizmlarga ega emas. Uchrashuvlarda taklifnoma asosida ishtirok etiladi, tadbirlarning o‘zi norasmiy tarzda o‘tkazilib, muayyan mintaqalar yoki mavzuli yo‘nalishlarga bag‘ishlanadi.

O‘tgan yillar davomida tashabbus geografiyasi va kun tartibi sezilarli darajada kengaydi. Ishtirokchilar Sharqiy va G‘arbiy Afrika, Sahel hamda Bolqon mintaqalari bilan bir qatorda, Janubi-Sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasidagi xavf-xatarlar, ekstremistik guruhlarning raqamli texnologiyalardan foydalanishi, transchegaraviy jinoyatchilik hamda xalqaro xavfsizlikka tahdid solayotgan yangi xatarlarni muhokama qildi.

Aqaba jarayoni uchrashuvlari Iordaniya, Albaniya, Bolgariya, Niderlandiya, Nigeriya, Gretsiya, Fransiya, Ruanda, AQSh, Indoneziya, Singapur, Ispaniya, Italiya, Norvegiya, Braziliyada hamda BMT maydonida bo‘lib o‘tgan. Ularda davlat va hukumat rahbarlari, mudofaa va kuch tuzilmalari yetakchilari, BMT, Interpol, NATO, YXHT, Yevropa Ittifoqi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashgan.

Tashabbus kun tartibining takomillashuvi zamonaviy tahdidlar xususiyati o‘zgarib borayotganini aks ettiradi. Dastlab asosiy e’tibor terrorchilik tashkilotlari va radikal mafkuralarga qarshi kurashishga qaratilgan bo‘lsa, keyinchalik kun tartibidan raqamli targ‘ibot, dezinformatsiya, uchuvchisiz uchish apparatlari, havo hududi xavfsizligi hamda beqaror mintaqalarda davlat institutlarini mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.

2024-yilda Iordaniyada Podshoh Abdulla II, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va Falastin Prezidenti Mahmud Abbos ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muhokamalar markazida G‘azo sektori va Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi vaziyat hamda falastinlik qochqinlar muammolari bo‘ldi.

2025-yil aprel oyida Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilgan sammit terrorizm, noqonuniy migratsiya va radikallashuvga qarshi kurashishga bag‘ishlandi. Unda 30 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, qator Bolqon davlatlari rahbarlari ishtirok etdi.

2025-yil 14–15-oktabr kunlari Rimda bo‘lib o‘tgan Aqaba jarayoni uchrashuvi O‘zbekistonning xalqaro ishtirokini kengaytirishda alohida ahamiyat kasb etdi. G‘arbiy Afrikadagi tahdidlarga qarshi kurashish va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga bag‘ishlangan tadbir 20 dan ortiq davlat, Afrika Ittifoqi, BMT, NATO, YI va Interpol vakillarini birlashtirdi. Unda O‘zbekiston nomidan tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov qatnashdi.

Podshoh Abdulla IIning 2025-yil 25–26-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasidagi oliy darajadagi muzokaralar mamlakatimizning ushbu formatdagi ishtirokini faollashtirishda muhim qadam bo‘ldi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Podshohining tashabbusini yuqori baholab, Aqaba jarayonining bo‘lajak yig‘ilishlaridan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi. Bu tadbirlar geografiyasini kengaytirish va xalqaro hamkorlarning Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalalariga e’tiborini yanada kuchaytirish imkonini beradi.

Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda ularning xalqaro xavfsizlikka ta’siri masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Sun’iy intellekt iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochish bilan birga, dezinformatsiya tarqalishi, kibertahdidlar hamda terrorchilik va ekstremistik tashkilotlarning raqamli vositalardan foydalanishi bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlarni yuzaga keltirmoqda.

Ostonada bo‘lib o‘tadigan uchrashuv Aqaba jarayoni rivojining navbatdagi bosqichi bo‘lib, unda ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari darajasida sun’iy intellekt xavfsizligi masalalariga e’tibor qaratiladi. 

Bu davlatlarga sun’iy intellektdan foydalanishda xavfsizlik masalalari yuzasidan fikr almashish, umumiy mintaqaviy xatarlarni muhokama qilish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish