Anqaradan munosabat: O‘zbekistonning ekologik islohotlari yangi bosqichga chiqmoqda – Orolni tiklashdan tortib, “yashil” energetikani rivojlantirishgacha

Noyabr 16, 2026. 10:30 • 4 daq

• 129
Anqaradan munosabat: O‘zbekistonning ekologik islohotlari yangi bosqichga chiqmoqda – Orolni tiklashdan tortib, “yashil” energetikani rivojlantirishgacha

ANQARA, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyalik siyosatshunos, Sakarya universiteti tadqiqotchisi, Akademik tadqiqotlar instituti prezidenti Osman Kepenek “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 10–11-noyabr kunlari Antaliyada bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasidagi Butunjahon yetakchilar sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan islohotlar doirasida suvni tejash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda.

Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2018–2025-yillarda O‘zbekiston hududidagi Orol dengizining qurib qolgan tubida 2 million gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etildi, 45 milliondan ortiq ko‘chat ekildi. Ushbu chora-tadbirlar chang va tuz bo‘ronlarini kamaytirish, biologik xilma-xillikni tiklash hamda aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston tashabbusi bilan 2021-yilda BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qildi. 2030-yilga qadar dengizning qurib qolgan tubining 80 foizini, jumladan, Amudaryo deltasida sun’iy ko‘llar barpo etish va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekish hisobiga ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan.

Suvni tejash borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilayotgan maydonlar 2017-yildagi 19 ming gektardan bugungi kunga kelib 2,6 million gektargacha kengaydi va sug‘oriladigan yerlarning qariyb 60 foizini qamrab oldi.

Bu har yili qariyb 2,5 milliard kub metr suvni tejash imkonini bermoqda. 2030-yilga borib mazkur texnologiyalarni barcha sug‘oriladigan yerlarda joriy etish va tejaladigan suv hajmini 3,5 milliard kub metrga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

2025–2028-yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida 2,5 ming kilometrdan ortiq kanallarni modernizatsiya qilish, nasos stansiyalarini avtomatlashtirish va suv resurslarining raqamli monitoringini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, mintaqaviy hamkorlik, xususan, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikdagi Qambarota-1 GES loyihasi faol rivojlantirilmoqda.

Mamlakat ekologik kun tartibida “Yashil makon” umummilliy loyihasi muhim o‘rin tutadi. 2025-yilda yurtimizda 266 million tup ko‘chat o‘tqazildi, 2030-yilga kelib esa shahar va tumanlardagi yashil hududlar ulushini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Daraxtlarning holatini nazorat qilish maqsadida raqamli monitoring tizimlari joriy etilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahrida 4 450 gektarlik yangi yashil hududlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Qayta tiklanuvchi energetika ham jadal rivojlanmoqda. 2026-yilga kelib quyosh va shamol elektr stansiyalarining quvvati 5,5 GVtdan oshdi, gidroenergetika bilan birga esa umumiy o‘rnatilgan quvvatda toza energiya manbalarining ulushi qariyb 30 foizga yetdi. Strategik maqsad – 2030-yilga kelib energiya iste’molida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishdan iborat.

O‘zbekiston ushbu sohada xalqaro hamkorlikni ham izchil kengaytirmoqda. Xususan, 2024-yilda Bokuda o‘tkazilgan COP29 sammitida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘istonning “yashil” elektr energiyasini Kaspiy dengizi orqali Markaziy Osiyodan Yevropaga uzatish tashabbusi muhokama qilindi.

Shaharlarda havo tozaligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkentda muntazam ravishda “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkazilmoqda. 2026-yilda ko‘lami kengaytirilgan “Toza havo” loyihasi doirasida jamoat transporti, elektrobuslar, metro va velosiped infratuzilmasini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi mustahkamlanib, ekologik islohotlarning huquqiy poydevori yanada mustahkamlandi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari qamrovini 90 foizga, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ulushini esa 15 foizga yetkazish nazarda tutilgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonning ekologik siyosati tobora aniq dasturlar va xalqaro sheriklikka tayanmoqda. Orolbo‘yini tiklash, suvni tejash, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va toza energetikani rivojlantirish mamlakat taraqqiyotining muhim yo‘nalishlariga aylanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish