Iordaniyada Prezidentimizning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobi taqdimoti o‘tkaziladi

Noyabr 18, 2026. 14:00 • 3 daq

• 461
Iordaniyada Prezidentimizning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobi taqdimoti o‘tkaziladi

AMMAN, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 19-noyabr kuni Iordaniyada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli asari taqdimoti bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbir O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot yo‘li, keng ko‘lamli islohotlari, iqtisodiy salohiyati, boy tarixiy-madaniy merosi va tinchliksevar tashqi siyosatini Iordaniya jamoatchiligiga keng tanitishga xizmat qiladi.

Prezidentning 2024-yilda nashr etilgan mazkur kitobi zamonaviy dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar, global muammolar va ularni hal etishda davlatlarning mas’uliyatini chuqur tahlil etishi bilan ahamiyatlidir. Asarning bosh g‘oyasi – inson qadrini ulug‘lash, xalq manfaatlarini ta’minlash, huquq va erkinliklarni himoya qilish hamda har bir fuqaro uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishdan iborat.

Kitobda ilgari surilgan “Davlat – inson uchun” tamoyili Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy mezoni sifatida namoyon bo‘ladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy himoya sohalaridagi o‘zgarishlar ham aynan inson manfaatlariga xizmat qiladigan adolatli va farovon jamiyatni barpo etishga qaratilgan.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sib, qariyb 147 milliard dollarni tashkil etdi. Tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard dollardan oshdi. 

Iordaniyadagi taqdimot ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat munosabatlarini yanada mustahkamlash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

2025-yil 26-avgust kuni Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda muhim voqea bo‘ldi. Samarqanddagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinib, turli sohalarni qamrab olgan 15 ta hujjat imzolandi. Ushbu kelishuvlar investitsiya, savdo, oliy ta’lim, ilm-fan, turizm, qishloq xo‘jaligi va transport sohalaridagi aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.

2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 79,2 foizga o‘sdi. O‘zbekistonda Iordaniya kapitali ishtirokidagi 18 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2026-yil oktabr oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Iordaniyaga amaliy tashrifi davomida sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma korxonalar tashkil etish, investitsiyalarni jalb qilish va o‘zaro savdoni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil 6-noyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Aqaba jarayoni doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Podshoh Abdulla II o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy siyosiy irodani namoyon etdi.

Ayni paytda O‘zbekiston va Iordaniyaning tinchlik, xavfsizlik, dinlararo muloqot va bag‘rikenglikni mustahkamlash borasidagi qarashlari ham mushtarakdir. O‘zbekiston xalqaro maydonda muammolarni tinch yo‘l bilan, o‘zaro ishonch va muloqot asosida hal etish tarafdori sifatida faol tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

“Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” asarining arab, ingliz, italyan, rus va urdu tillariga tarjima qilinishi uning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Kitobning Iordaniyada taqdim etilishi arab jamoatchiligini O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, amalga oshirilayotgan islohotlari va xalqaro tashabbuslari bilan yaqindan tanishtirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish