Dushanbedan munosabat: Seul sammiti Markaziy Osiyo iqtisodiyotini yanada diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyatga ega

Sentabr 17, 2026. 15:00 • 3 daq

188
Dushanbedan munosabat: Seul sammiti Markaziy Osiyo iqtisodiyotini yanada diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyatga ega

DUSHANBE, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya–Tojikiston (Slavyan) universiteti professori Rahmon O‘lmasov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 13–16-sentabr kunlari Janubiy Koreyaga amalga oshirgan davlat tashrifi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– “Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi” davlat rahbarlari darajasidagi birinchi sammit Janubiy Koreyaning mintaqamizdagi beshta davlat bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston Janubiy Koreya strategiyasida alohida o‘rin tutadi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik sanoat, transport, raqamli texnologiyalar, resurslarni qazib olish va taʼlim yo‘nalishlarini qamrab oladi. Sammit arafasida mamlakatlar 13 ta hamkorlik hujjati, jumladan, sunʼiy intellekt, muhim minerallar va temir yo‘l transporti sohalaridagi kelishuvlarni imzoladi.

O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan birgalikda iqtisodiy va texnologik aloqalarni yanada kengaytirish uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Yangi ipak yo‘li”ni barpo etish taklifini ilgari surdi.

Zamonaviy korxonalarni tashkil etish, xomashyoni qayta ishlash, energetika, raqamlashtirish va kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishga Janubiy Koreya sarmoyalarini jalb etish istiqbolli muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston uchun bu, asosan, xomashyo eksport qilishdan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilishga o‘tish vazifasi sharoitida juda dolzarbdir.

Kadrlar salohiyatini rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega. Janubiy Koreya bilan taʼlim, kasbiy tayyorgarlik va akademik almashinuv sohasidagi hamkorlik iqtisodiyotning zamonaviy tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash imkonini kengaytirishga xizmat qiladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Janubiy Koreya tajribasi nafaqat investitsiyalar, balki texnologiyalarni joriy etish, sanoatni rivojlantirish va malakali ish o‘rinlarini yaratish nuqtai nazaridan ham muhim. Shu bilan birga, Janubiy Koreyaga mehnat migratsiyasi mahalliy bozor talablari, jumladan, kasbiy tayyorgarlik, til bilish va viza shartlariga javob berishni talab qiladi.

Seul sammiti Markaziy Osiyo iqtisodiyotini yanada diversifikatsiya qilish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Mintaqa uchun Janubiy Koreya bilan hamkorlik investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratadi, Janubiy Koreya tomoni esa resurslar, energetika va yangi bozorlardan manfaatdor.

O‘zbekiston uchun ushbu hamkorlikning amaliy natijasi sunʼiy intellekt va transport sohasidagi qo‘shma loyihalardan tortib, sanoatni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va xomashyoni qayta ishlashgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishdir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish