Anqaradan munosabat: O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilanmoqda
Sentabr 17, 2026. 17:30 • 3 daq
• 129
ANQARA, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Anqara inqiroz va siyosatni o‘rganish markazi (ANKASAM) raisi, professor Mehmet Sayfettin Erol “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 13–16-sentabr kunlari Janubiy Koreyaga amalga oshirgan davlat tashrifi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Bugungi kunda O‘zbekiston–Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni faqat savdo, investitsiyalar yoki alohida iqtisodiy loyihalar bilan cheklash kerak emas. Ikki davlat o‘rtasida texnologiya, sanoat, taʼlim, kadrlar tayyorlash va iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini qamrab olgan bir-biriga nisbatan katta qiziqish shakllanmoqda.
O‘zbekiston Koreya Respublikasining mintaqadagi eng muhim hamkorlaridan biridir. Mamlakat katta ichki bozor, o‘sib borayotgan sanoat sektori va yosh aholiga ega. Shu bilan birga, Toshkent investitsiyalar bilan bir qatorda texnologiyalar, bilim va amaliy tajribani o‘zlashtirishdan manfaatdor.
Men iqtisodiy hamkorlik mazmunining o‘zgarishiga ham eʼtibor qaratgan bo‘lardim. Gap tobora ko‘proq sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarishlar, kasbiy taʼlim va mutaxassislar tayyorlash haqida bormoqda.
O‘zbekiston bugungi kunda ko‘plab o‘xshash vazifalarni hal etmoqda – sanoatni modernizatsiya qilmoqda, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirmoqda, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Shu bois, Janubiy Koreya tajribasi Toshkent uchun nafaqat investitsiyaviy, balki texnologik jihatdan ham qiziqish uyg‘otadi.
Shu o‘rinda, sodir bo‘layotgan voqealarni baholashni faqat O‘zbekiston–Janubiy Koreya munosabatlari bilan cheklamagan bo‘lardim. Markaziy Osiyoga keng nazar tashlaydigan bo‘lsak, deyarli barcha yirik iqtisodiy markazlar tomonidan mintaqaga qiziqish ortib borayotgani ayon bo‘ladi. AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Ko‘rfaz mamlakatlari va boshqa davlatlar bu yerda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar izlamoqda.
Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi uchun bu yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu yerda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va ularning qo‘shma tashabbuslarini rivojlantirishni izchil yoqlab kelayotgan O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning rolini alohida taʼkidlagan bo‘lardim.
Uning rahbarligida Toshkent mintaqaviy yaqinlashuvni, savdo, transport aloqalari va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu mintaqa mamlakatlariga o‘z manfaatlarini yanada yaqinroq muvofiqlashtirish va tashqi hamkorlar bilan munosabatlarda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga yordam beradi.
Aynan shu mintaqaviy yaqinlashuv fonida “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitini yangi bosqichning boshlanishi deb bilaman. Yetakchilar darajasida bunday uchrashuvning o‘tkazilishi Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar yanada tizimli tus olayotganidan dalolat beradi.
Mintaqa mamlakatlari bu yerda umumiy iqtisodiy manfaatlarga ega bo‘lgan va Seul bilan uzoq muddatli hamkorlikdan manfaatdor makon sifatida namoyon bo‘layotgani o‘ta muhimdir.
Endi ko‘p narsa ana shu uchrashuvning amaliy ahamiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Sammitning natijasi o‘tkazilgan muzokaralar va imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki undan keyin qanday loyihalar amalga oshirilishi, qancha yangi ishlab chiqarishlar tashkil etilishi, mintaqaga qanday texnologiyalar kelishi va ular bilan qancha yosh mutaxassislar ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi bilan belgilanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi