Ryazanda O‘zbekiston–Rossiya madaniy aloqalarini mustahkamlovchi tadbirlar bo‘lib o‘tdi
Fevral 15, 2026. 11:35 • 2 daq
• 95RYAZAN, 15-fevral. /“Dunyo” AA/. Ryazan viloyatida O‘zbekiston–Rossiya madaniy aloqalarini mustahkamlovchi tadbirlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2026-yilda jahon hamjamiyati Markaziy Osiyoning buyuk shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligini nishonladi. Uning sheʼriy va falsafiy asarlari muhabbat, adolat, inson taqdiri, ilmni qadrlash g‘oyalari bilan sug‘orilgan. Bu mavzular umumbashariy bo‘lib, turli millat va davr kishilari qalbida aks-sado beradi.
Alisher Navoiy merosi o‘zbek madaniyatining muhim qismi bo‘lib, bugungi kunda avlodlar va xalqlarni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi, chinakam qadriyatlar chegara bilmasligini eslatadi.
Shu yilning o‘zida Sergey Yeseninning O‘zbekistonga kelganiga 105 yil to‘ldi. Bu adabiy aloqalar xalqlar muloqotiga poydevor bo‘layotganining yana bir yorqin misolidir.
Boy tarix va anʼanalarga ega bo‘lgan Ryazan shahrida o‘zbek–rus madaniy aloqalarini mustahkamlovchi tadbirlar o‘tkazilgani ramziy maʼnoga ega. Bu yerda, yana bir buyuk shoir – Sergey Yeseninning vatanida o‘zbek jamoat tashkiloti mintaqa hayotida faol ishtirok etmoqda, mahalliy hokimiyat esa millatlararo madaniy va maʼnaviy aloqalarni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Olmos” o‘zbek milliy-madaniy muxtoriyati tashabbusi bilan Ixtiandr Qodirov ijodiy guruhi rahbarligida musiqiy-sheʼriy kecha tashkil etildi. Tadbir mehmonlari uchun Alisher Navoiy va Sergey Yeseninning sheʼrlari yangradi. Tadbir ikki buyuk sheʼriyat anʼanalari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tab, sanʼatning chegarasi yo‘qligini eslatib turdi.
Kechada Valeriy Plaxotniyning “Madaniyatlar chorrahasi” mualliflik kartinasi namoyish etildi. Unda rassom o‘zbek va rus xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni, madaniyatlarning o‘zaro taʼsirini mohirona aks ettirgan. Oldingi planda muallif shoirlar Alisher Navoiy va Sergey Yeseninni qo‘llarida kitob ushlagan holda tasvirlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


