O‘zbekiston AQSH va Eron o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolanganini olqishlaydi
Iyun 19, 2026. 16:30 • 2 daq
• 116
TOSHKЕNT, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bugun AQSH va Eron o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangani munosabati bilan rasmiy bayonot berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston Respublikasi Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolanganini hozirgi murakkab xalqaro sharoitda keskinlikni yumshatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tiklash yo‘lidagi muhim diplomatik yutuq sifatida olqishlaydi, – deyiladi bayonotda. – AQSH va Eron rahbariyatining hal qiluvchi pallada ko‘rsatgan siyosiy irodasi va uzoqni ko‘ra bilishini alohida e’tirof etamiz. Erishilgan kelishuv xalqaro hamjamiyat uzoq vaqtdan buyon kutgan tinchlik yo‘lidagi barqaror yechim uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ushbu muhim o‘zaro anglashuvga erishish uchun zarur sharoitlarni shakllantirishga hissa qo‘shgan Pokiston va Qatarning katta hissasini, shuningdek Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr va boshqa mintaqaviy hamkorlarning sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz.
O‘zbekiston muzokaralarning keyingi bosqichlari konstruktiv ruhda davom etishi va erishilgan kelishuvlar samarali amalga oshirilishiga umid qiladi.
Nizo va qarama-qarshiliklarni xalqaro huquq tamoyillari, o‘zaro hurmat va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda diplomatik vositalar orqali hal etish tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti bo‘lib qolishiga ishonamiz”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi