Londondan munosabat: O‘zbekistonda venchur sarmoya uchun keng imkoniyatlar mavjud
Iyun 17, 2026. 15:30 • 2 daq
• 106
LONDON, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Britaniyadagi “Sturgeon Capital” kompaniyasi venchur kapital yo‘nalishi rahbari Robin Batler “Dunyo” AAga V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Kompaniyamiz “IFC”, “SBI Holdings”, “Kazakhstan Investment Corporation”, “Chevron” kabi institutsional investorlar nomidan xususiy kapital va venchur sarmoya strategiyalari orqali 300 million dollardan ortiq aktivlarni boshqaradi.
Biz O‘zbekistonda qariyb sakkiz yildan beri faoliyat yuritib kelmoqdamiz. Mamlakatdagi birinchi venchur kapital investorlaridan biri sifatida “Bills”, “Arzon Apteka”, “Oasis”, “Microcredit”, “Zip24” kabi kompaniyalarga investitsiya kiritganmiz. Shu vaqtgacha yurtingizdagi erta bosqichdagi kompaniyalarga 15 million dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirdik.
Ochig‘ini aytganda, mamlakatingizdagi taraqqiyot sur’ati va ko‘lami hayratlanarli darajada rivojlanmoqda. Bugungi davrni 7–8 yil avval, ilk bor bu yerda ish boshlagan paytimiz bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Bunga ishonch hosil qilish uchun faqat Toshkentning zamonaviy osmono‘par binolariga nazar tashlashning o‘zi kifoya. Biz investitsiya qilishni boshlagan vaqtlarda startaplar va texnologik investitsiyalar tushunchasi deyarli mavjud emas edi.
O‘zbekiston dunyodagi eng tez o‘sib borayotgan startap ekotizimga aylanib bormoqda. “Uzum” kabi kompaniyalarning ichki bozordagi muvaffaqiyati butun ekotizim rivojiga turtki bermoqda. Shuningdek, o‘tgan yili “TBC” tomonidan “Sturgeon” portfelidagi “Bills” kompaniyasining sotib olinishi kabi kelishuvlar ham kelgusidagi rivojlanish uchun muhim katalizator bo‘lishi mumkin.
Albatta, startap ekotizimi mamlakatda kechayotgan katta va juda qiziqarli o‘zgarishlarning faqat bir qismi xolos. Bu jarayon siyosiy va iqtisodiy islohotlar natijasida yuzaga kelmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida yana ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Men bu forumda avval ham bir necha bor qatnashganman va har yili ishtirokchilarning sifati, nufuzi, darajasi hamda geografiyasi yanada kengayib borayotganini ko‘rish mumkin.
Bu yerda bo‘lish juda ajoyib. Men eski do‘stlar bilan yana uchrashish va yangi tanishuvlar qilishni intiqlik bilan kutyapman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi