O‘zbekiston va Pokiston investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
Iyun 19, 2026. 17:00 • 2 daq
• 75
ISLOMOBOD, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus kengashi (SIFC) bosh direktori Asad ur Rahmon Afzal Chima bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiyaviy sheriklikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish masalalariga e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda pokistonlik investorlar ishtirokida sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika va infratuzilma sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Asad ur Rahmon Afzal Chima O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. U mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga maqsadli investitsiyalarni jalb etish borasida olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar samara berayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning investitsiya siyosati va iqtisodiy transformatsiya sohasida to‘plagan amaliy tajribasi Pokiston uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Mazkur yo‘nalishda tajriba almashish va institutsional hamkorlikni kuchaytirish muhimligi bildirildi.
Qishloq xo‘jaligi, ayniqsa chorvachilik sohasidagi hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Pokistondan O‘zbekistonga tirik chorva mollarini import qilish, naslchilikni rivojlantirish, veterinariya sohasida tajriba almashish va ushbu yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Navoiy viloyatlari hamda Pokiston provinsiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yo‘lga qo‘yishning muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yuk tashish jarayonlarida yuzaga kelayotgan ayrim tranzit muammolarini bartaraf etish va mavjud transport yo‘laklaridan samarali foydalanishga doir takliflar ko‘rib chiqildi.
Pokiston tomoni Karachi shahrida maxsus sanoat zonalari tashkil etilganini ma’lum qildi. Mazkur hududlarda o‘zbekistonlik investorlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi va ular istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga taklif qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki mamlakatning investitsiyaviy salohiyatidan samarali foydalanish, amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda ro‘yobga chiqarish borasida muloqotni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi