Hindiston matbuoti O‘zbekiston tomonidan Toshkent xalqaro forumida ilgari surilgan investitsiyaviy tashabbuslarni yuqori baholadi

Iyun 19, 2026. 15:30 • 3 daq

113
Hindiston matbuoti O‘zbekiston tomonidan Toshkent xalqaro forumida ilgari surilgan investitsiyaviy tashabbuslarni yuqori baholadi

DЕHLI, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Hindistonning nufuzli “The Indian Express” gazetasi Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga bag‘ishlangan keng qamrovli maqola chop etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Hindiston nashri e’tiborining markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan va xorijiy investorlar uchun yangi ufqlar ochayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, IT-sektori uchun misli ko‘rilmagan soliq imtiyozlari hamda kon-metallurgiya sanoatini liberallashtirish masalalari o‘rin olgan.

Gazeta mamlakatimiz yetakchisining forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatidan iqtibos keltirib, mamlakat eshiklari “ishonch va g‘oyalar bilan” kelayotgan investorlar uchun hamisha ochiqligini ta’kidlagan. Materialda forumda 100 dan ortiq davlatdan 4000 ga yaqin mehmon tashrif buyurgani qayd etilgan bo‘lib, bu muallifning fikricha, Toshkent forumining “tobora ortib borayotgan xalqaro nufuzining yaqqol e’tirofidir”.

Maqolaning eng asosiy yangiliklaridan biri Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (data-markazlar) sohasidagi loyihalar uchun maxsus zona tashkil etilishi haqidagi ma’lumot bo‘ldi.

“The Indian Express” investorlarni 2040-yilga qadar barcha turdagi soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, shuningdek, elektr energiyasi uchun imtiyozli tarif taqdim etish kabi alohida preferensiyalarga e’tibor qaratgan. Ushbu shart-sharoitlar raqamli quvvatlarini kengaytirishga intilayotgan yuqori texnologiyali kompaniyalar, shu jumladan, Hindiston korxonalari uchun kuchli rag‘bat sifatida baholanmoqda.

Maqolada kon-metallurgiya sektoridagi islohotlar ham alohida o‘rin egallagan. O‘zbekiston yer qa’ridagi strategik zaxiralarning umumiy qiymati 3 trillion dollarga baholanishini hisobga olgan holda, mamlakat Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari” texnoparklarini tashkil etish tashabbusini ilgari surayotgani ta’kidlangan.

Nashr O‘zbekiston tashabbuslari va Hindiston manfaatlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri chiziq o‘tkazgan. Muallif O‘zbekiston Hindiston 2025-yil iyun oyida nodir metallar va o‘ta muhim foydali qazilmalarni birgalikda o‘zlashtirish istagini bildirgan Markaziy Osiyoning beshta davlati qatoriga kirishini eslatib o‘tadi.

Maqolada, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan va mamlakatni Osiyo hamda Yevropa o‘rtasidagi transport tarmog‘iga integratsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli logistika loyihalari ham tilga olingan. Hindistonlik investorlar uchun bu nafaqat O‘zbekistonning boy resurslaridan foydalanish, balki mamlakatdan qo‘shni davlatlar bozorlariga chiqish uchun xab (transport tuguni) sifatida foydalanish imkoniyatini ham anglatadi.

“The Indian Express” gazetasidagi maqola O‘zbekistonning investitsiya muhiti jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari diqqat-markazida ekanini ko‘rsatadi. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan e’lon qilingan islohotlar, ayniqsa, soliq imtiyozlari va yer qa’rini o‘zlashtirish sohasidagi yangiliklar uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Hindiston ishbilarmon doiralari uchun Toshkent forumi O‘zbekiston jahon standartlariga va XXI asr chaqiriqlariga javob beradigan zamonaviy biznes yuritish sharoitlarini taklif etayotgani haqida muhim signal bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish