Bokudan munosabat: WUF-13da O‘zbekistondagi urbanizatsiya islohotlari yaqqol namoyon bo‘ldi

May 20, 2026. 10:25 • 2 daq

112
Bokudan munosabat: WUF-13da O‘zbekistondagi urbanizatsiya islohotlari yaqqol namoyon bo‘ldi

BOKU, 20-may. /“Dunyo” AA/. Taniqli ozarbayjonlik siyosatshunos va tahlilchi Ilgar Velizade “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 17–18-may kunlari Boku shahriga amaliy tashrifi hamda Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi tadbirlaridagi ishtiroki xususida o‘z munosabatini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi (WUF13)da ishtirok etish uchun Boku shahriga tashrifi nafaqat O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarini yana-da mustahkamlash nuqtai nazaridan, balki O‘zbekistonda shaharsozlik siyosati transformatsiyasining muhim bosqichi sifatida ham ahamiyat kasb etadi.

Bokudagi yirik tadbirlar doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari o‘rtasidagi muloqot, shuningdek, BMT–Habitat Ijrochi direktori bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar hamkorlik aloqalarini kengaytirishda alohida ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida yuqori surʼatdagi rivojlanishni namoyon etmoqda. Keng qamrovli o‘zgarishlar nafaqat Toshkent shahrida, balki mamlakatning boshqa hududiy markazlarida ham amalga oshirilmoqda. Bu jarayon yangi turar joylar va transport infratuzilmasini barpo etish bilan cheklanib qolmay, jamoat joylarini modernizatsiya qilish, shahar boshqaruvini raqamlashtirish va zamonaviy shahar muhitini shakllantirishni ham qamrab olmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Shavkat Mirziyoyevning Butunjahon urbanizatsiya forumidagi ishtiroki tabiiy va mantiqiy qadam sifatida baholanmoqda. Toshkent uchun bunday nufuzli xalqaro anjumanlar ilg‘or tajriba almashish, zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini o‘rganish hamda O‘zbekistonni global urbanizatsiya jarayonlariga yana-da chuqur integratsiya qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish