Isroildan munosabat: Toshkent – Yevroosiyoning yangi investitsiya markaziga aylanib bormoqda
Iyun 24, 2026. 18:00 • 3 daq
• 143
TЕL-AVIV, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Isroillik siyosatshunoslik fanlari doktori, siyosiy tahlilchi Yuriy Bocharov “Dunyo” AAga 16–18 iyun kunlari yurtimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy munosabatlarda mutlaqo yangi maqomni egallab bormoqda. Bu o‘zgarishlarning eng yorqin namoyon bo‘lishi beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida kuzatildi. Bugun mazkur forum nafaqat Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsiya maydonchasiga, balki Yevroosiyo miqyosida muhim iqtisodiy muloqot platformasiga aylanib ulgurdi.
2026-yilgi forumda dunyoning 100 mamlakatidan 8 mingdan ortiq vakil ishtirok etgani, shuningdek, umumiy aktivlari 42 trillion dollardan ortiq bo‘lgan xalqaro kompaniyalar va investitsiya fondlari rahbarlarining Toshkentga tashrif buyurgani mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshganidan dalolat beradi.
Ushbu natijalar zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar yotadi. 2016-yildan boshlab mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish, biznes muhitini yaxshilash, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil choralar ko‘rildi. Natijada, O‘zbekiston xalqaro sarmoyadorlar e’tiborini tortgan istiqbolli bozorlardan biriga aylandi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumining rivojlanish dinamikasi ham bu jarayonlarning yaqqol ko‘rsatkichidir. Agar 2022-yilda forumda 56 davlatdan ikki mingga yaqin ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, bugungi kunda ishtirokchilar soni bir necha barobarga oshdi. Bu esa xalqaro biznes hamjamiyatining O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganini anglatadi.
O‘zbekistonning geografik joylashuvi ham mamlakatning investitsiya salohiyatini oshirishda muhim omilga aylanmoqda. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlat sifatida respublika transport va logistika infratuzilmasini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Forumning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, u faqat investitsiya kelishuvlari imzolanadigan tadbir emas. U xalqaro iqtisodiy diplomatiyaning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda. AQSH, Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar ishtirokida o‘tkazilgan biznes forumlar mamlakatning tashqi iqtisodiy siyosati muvozanatli va ochiq ekanini namoyon etmoqda.
E’tiborli jihatlardan yana biri – muhokama qilinayotgan loyihalarning mazmunidir. Ilgari asosiy e’tibor energetika yoki an’anaviy sanoat tarmoqlariga qaratilgan bo‘lsa, bugun sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energetika, kritik minerallar, zamonaviy sanoat klasterlari va transport koridorlari kabi strategik yo‘nalishlar birinchi o‘ringa chiqmoqda.
Eng muhimi, bugun O‘zbekiston xalqaro maydonda ishonchli va barqaror hamkor sifatida qabul qilinmoqda. Mamlakatga qiziqish nafaqat mintaqaviy davlatlar, balki Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikadagi yetakchi kompaniyalar tomonidan ham ortib bormoqda. Bu esa amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi tendensiyalardan kelib chiqib aytish mumkinki, yaqin yillarda Toshkent xalqaro investitsiyalar, texnologiyalar va biznes hamkorlik uchun nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun Yevroosiyo hududidagi muhim markazlardan biriga aylanadi. Bu esa O‘zbekistonning jahon iqtisodiy xaritasidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganining yana bir tasdig‘idir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi