Ostonadan munosabat: Toshkent xalqaro investitsiya forumi investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratdi
Iyun 23, 2026. 16:00 • 2 daq
• 115
OSTONA, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi xodimi Temirlan Baymatov “Dunyo” AA muxbiriga 16–18-iyun kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuksak saviyada tashkil etildi. Ushbu tadbir investitsiyaviy hamkorlik, barqaror iqtisodiy taraqqiyot masalalarini muhokama qilish hamda davlatlar, xalqaro moliyaviy institutlar va biznes vakillari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun eng muhim xalqaro maydonlardan biri ekaniga ishonaman.
Ayniqsa, O‘zbekistonning investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi izchil sa’y-harakatlarini alohida ta’kidlamoqchiman. Olib borilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston mintaqada eng tez rivojlanayotgan investitsiya bozorlaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi so‘nggi yillarda davlat va xususiy sektor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, istiqbolli investitsiya loyihalarini taqdim etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun samarali platforma sifatida o‘zini namoyon etdi.
Ishonchim komilki, ushbu forumning o‘tkazilishi yangi investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va mintaqada barqaror o‘sish hamda farovonlikni ta’minlashga qaratilgan yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Forumning muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirib, barcha ishtirokchilarga samarali ish, konstruktiv muloqot va xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan amaliy natijalarga erishishni tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi