Bryusseldan munosabat: Toshkent investitsiya forumi xalqaro investorlar uchun asosiy muloqot maydoniga aylandi
Iyun 23, 2026. 15:00 • 2 daq
• 131
BRYUSSЕL, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Oksford biznes guruhi maslahatchisi, Maltaning Belgiyadagi faxriy konsuli Jan Brabander “Dunyo” AA muxbiriga 16–18-iyun kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– O‘ylashimcha, V Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning iqtisodiy va savdo siyosatini amalga oshirishda g‘oyat samarali vosita bo‘lib, davlatning strategik tashabbuslarini aniq va sezilarli iqtisodiy natijalarga aylantirish imkonini beradi.
O‘zbekiston zamonamizning eng jozibador investitsiya maydonlaridan biridir. Men O‘zbekistonni sarmoyadorlar uchun yangi imkoniyatlarning keng qamrovini ochib beradigan istiqbolli bozor deb ta’riflagan bo‘lardim. Fikrimcha, mamlakat kelajagiga bo‘lgan ishonch uchta asosiy omilga tayanadi.
Birinchidan, bu – barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlaridir. O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda har yili 6–7 foizlik o‘sishni namoyon etmoqda. Bu hozirgi global sharoitda juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Ikkinchidan, bu – so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilayotgan izchil islohotlardir. Ular ochiq, bozor iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashgan rivojlanish modelini shakllantirishga qaratilgan.
Uchinchidan, mamlakatning asosiy boyligi – uning xalqidir. O‘zbekiston aholisi 38 million nafardan oshadi va fuqarolarning qariyb 70 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Bunday yosh, g‘ayratli va iqtidorli demografik tarkib O‘zbekistonning yanada rivojlanishi hamda Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanishi uchun ulkan salohiyat yaratadi.
Huquqiy tizimni takomillashtirishni davom ettirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va sanoatlashtirishni jadallashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish muhim ahamiyatga ega. Biroq, nazarimda, eng muhim yo‘nalish inson kapitaliga – ta’limga, kasbiy rivojlanishga va mamlakat ichida yoshlar uchun imkoniyatlar yaratishga sarmoya kiritish bo‘lib qolmoqda.
Forum o‘zining xalqaro nufuzini tobora mustahkamlab, mintaqadagi ishbilarmonlik hamkorligi uchun asosiy maydonlardan biriga aylandi. Bu galgi forum davomida dunyoning yuzdan ortiq mamlakatidan 8 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi, umumiy qiymati 30,5 milliard AQSH dollariga teng investitsiya shartnomalari va savdo bitimlari imzolandi. Bu xalqaro biznesning O‘zbekistonga va uning iqtisodiy istiqbollariga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat.
2027-yilda yana Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishni intiqlik bilan kutaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi