Xitoydan munosabat: Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonch yirik qo‘shma loyihalar uchun mustahkam asos yaratmoqda
Iyul 10, 2026. 08:10 • 3 daq
• 204
PEKIN, 10-iyul /“Dunyo” AA/. Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi direktori Yan Chen “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston–Belarus munosabatlari MDH hududidagi o‘zaro hamkorlikning jadal rivojlanayotganiga yorqin misoldir. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham, oliy darajadagi siyosiy muloqotda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Belarusga bu galgi tashrifi Mustaqillik saroyidagi rasmiy muzokaralar bilan emas, balki Belarus yetakchisining shahar tashqarisidagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuv bilan boshlandi. Shaxsiy hududga taklif etish ishorasi diplomatik odob-axloq qoidalaridan ancha yuqori turadi va yillar davomida shakllangan ishonch darajasidan dalolat beradi.
Biz kamdan-kam uchraydigan hodisaga guvoh bo‘lmoqdamiz: manfaatlarning mos kelishi yetakchilar o‘rtasidagi samimiy, do‘stona munosabatlar bilan mustahkamlanib, yanada kengaymoqda. Aynan norasmiy uchrashuvlar, “o‘z uyida” qabul qilish va eng murakkab masalalarni muhokama qilishga tayyorlik orqali namoyon bo‘lgan shaxsiy ishonch nafaqat katta loyihalarni rejalashtirish, balki ularni amalga oshirish imkonini ham bermoqda.
Ikki mamlakat munosabatlari iqtisodiyotning yuqori amaliy mosligiga tayanishi bilan tavsiflanadi. Belarus mashinasozlik, agrosanoat majmuasi va muhandislik sohalarida rivojlangan sanoat maktabiga ega. O‘zbekiston esa sanoat bazasini faol modernizatsiya qilayotgan yirik va tez rivojlanayotgan bozor hisoblanadi. Mamlakatlar iqtisodiyoti bir-biri bilan raqobatlashmaydi, aksincha, bir-birini uzviy to‘ldiradi. Bu esa barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollarini kengaytiradi.
O‘zaro qiziqish ortib borayotganining yorqin ko‘rsatkichi tovar ayirboshlash dinamikasidir. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, uning hajmi qariyb chorakka oshib, 965 million AQSh dollariga yetdi. Tomonlar bu ko‘rsatkichni 2030-yilgacha 2 milliard AQSh dollariga yetkazishni maqsad qilgan va bu borada 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi texnikasi, kabel va farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Oziq-ovqat, mebel va kimyo sanoati, qurilish materiallari hamda polimer mahsulotlari ishlab chiqarish istiqbolli yo‘nalishlar sirasiga kiradi.
2026-yil 8-iyul kuni Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Belarus–O‘zbekiston hududlari III forumi muhim institutsional qadam bo‘ldi. Anjuman doirasida hududlararo 12 ta yangi kelishuv imzolandi va ularning umumiy soni 30 taga yetkazildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga bu galgi tashrifi chog‘ida Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi munosabatlarning zamonaviy darajasini huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekiston–Belarus munosabatlari ishonchli sheriklik davrini boshdan kechirmoqda. Unda tarixiy xotira va o‘zaro ishonch ulkan iqtisodiy loyihalar uchun mustahkam zamin yaratsa, iqtisodiyotning bir-biriga mosligi barqaror o‘sish surʼatlarini taʼminlamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi