Anqaradan munosabat: O‘zbekiston va Gruziya uzoq muddatli strategik sheriklik sari qadam tashlamoqda

Iyul 04, 2026. 13:00 • 3 daq

69
Anqaradan munosabat: O‘zbekiston va Gruziya uzoq muddatli strategik sheriklik sari qadam tashlamoqda

ANQARA, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkiya Strategik tadqiqotlar va rivojlanish markazi boshqaruv raisi Yunus Emre Kanat “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2–3-iyul kunlari Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan fikr bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning har bir yangi xorijiy safari O‘zbekiston zamonaviy diplomatiyasi tarixida navbatdagi muhim sahifaga aylanmoqda. Gruziyaga davlat tashrifi Toshkentning strategik sheriklar doirasini qay darajada izchil kengaytirayotganini va mintaqaviy integratsiya jarayonlarining eng faol ishtirokchilaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlayotganini yaqqol namoyon etdi.

Tbilisidagi Orbeliani saroyida bo‘lib o‘tgan rasmiy kutib olish marosimining o‘ziyoq ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada ekanini ko‘rsatdi. Diplomatik amaliyotda bunday jihatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Ular o‘zaro ishonchni va hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga bo‘lgan siyosiy tayyorgarlikni ifodalaydi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga so‘nggi 23-yildagi ilk davlat tashrifi ekani unga alohida ramziy ma’no bag‘ishladi. Bu vaqt mobaynida nafaqat O‘zbekistonning o‘zi, balki uning tashqi siyosati ham o‘zgardi. Bugun mamlakat ochiqlik, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish yo‘lidan bormoqda va bu ikki davlat rahbarlari muzokaralari mazmun-mohiyatida yaqqol ko‘zga tashlandi.

Turkiya nuqtayi nazaridan, muhokamalar markazida siyosiy bayonotlar emas, balki hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari turgani alohida ahamiyatga egadir. Poti va Batumi portlari orqali transport yo‘laklarini rivojlantirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va turizm sohalaridagi hamkorlik – aynan shunday pragmatik kun tartibi bugungi kunda zamonaviy diplomatiya samaradorligini belgilab beradi.

Munosabatlarning allaqachon amaliy natijalar bilan mustahkamlanayotgani ham e’tiborga loyiq. Ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 270 million dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar faoliyati kengaymoqda, Toshkent, Tbilisi va Batumi o‘rtasida aviaqatnovlar rivojlanmoqda, gumanitar loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekistonda Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Bularning barchasi hamkorlik siyosiy muloqot doirasidan ancha kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Turkiya uchun O‘zbekiston–Gruziya munosabatlarining rivojlanishi alohida ahamiyatga ega. Anqara Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni o‘zaro bog‘liq mintaqalar deb biladi. Bu yerda iqtisodiy va transport aloqalarining mustahkamlanishi butun Yevroosiyo makonining barqarorligiga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, Toshkent va Tbilisi o‘rtasidagi muloqotning faollashuvi yirik logistika va infratuzilma loyihalarini, jumladan, O‘rta yo‘lakni yanada rivojlantirish uchun ijobiy ishora hisoblanadi.

Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining O‘zbekistonga tashrif bilan taklif etilishi muzokaralarning mantiqiy yakuni bo‘lib, har ikki tomon barqaror strategik sheriklikni shakllantirishni maqsad qilganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning diplomatik faolligi Yevroosiyo hududida hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirayotgan omillardan biriga aylanib bormoqda, deyish mumkin. Gruziyaga amalga oshirilgan davlat tashrifi esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosati mamlakatni izchil ravishda mintaqaviy hamkorlikning asosiy markazlaridan biriga aylantirayotganining yana bir ishonchli tasdig‘i bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish