Moskvadan munosabat: O‘zbekiston–Gruziya hamkorligi tranzit va logistika imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda

Iyul 05, 2026. 09:00 • 2 daq

174
Moskvadan munosabat: O‘zbekiston–Gruziya hamkorligi tranzit va logistika imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda

MOSKVA, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiya davlat gumanitar universiteti xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Yuriy Sigov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2–3-iyul kunlari Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi ushbu Kavkazorti respublikasini Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yanada yaqin hamkorlikka faol jalb etishning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Gruziya Prezidenti va Bosh vaziri bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Ular Gruziya poytaxti Tbilisida buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Muzokaralar jarayonida O‘zbekiston–Gruziya o‘rtasidagi hamkorlikni har jihatdan rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi.

O‘zbekiston yetakchisining Gruziyaga tashrifi muhim ahamiyat kasb etdi, deb hisoblayman. Xususan, Toshkent tashqi aloqalarini izchil diversifikatsiya qilishga, ayniqsa, qulay tranzit salohiyatiga ega davlatlar bilan savdo munosabatlarini rivojlantirishga intilmoqda. Bu, respublikaning geografik jihatdan Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgani va tashqi dengizlarga bevosita chiqish imkoniyatiga ega emasligi bilan ham bog‘liq.

Shu ma’noda, o‘z mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish uchun transport imkoniyatlarini kengaytirish O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

AQSH va Eron o‘rtasida davom etayotgan mojaro, shuningdek, Toshkentning tashqi siyosatdagi eng muhim sheriklaridan biri hisoblangan Turkiya va Gruziya o‘rtasidagi yaqin ikki tomonlama munosabatlarni inobatga olsak, mintaqada kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar sharoitida O‘zbekistonning Kavkazdagi siyosiy ishtiroki tobora muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ham alohida ta’kidlash joiz. Xususan, Gruziyaning Qora dengiz sohilidagi portlaridan foydalanish orqali o‘zbek mahsulotlarini dengiz yo‘li bilan Qora dengiz va O‘rta yer dengizi havzasi mamlakatlari bozorlariga yetkazib berish bo‘yicha samarali transport-logistika zanjirlarini shakllantirish mumkin.

Fikrimcha, mazkur yo‘nalishda Yevropa davlatlari hamda Osiyodagi yetakchi sheriklar ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish