Rimdan munosabat: So‘nggi yillarda O‘zbekiston qator muhim diplomatik tashabbuslarni ilgari surmoqda

Noyabr 08, 2026. 15:00 • 2 daq

• 152
Rimdan munosabat: So‘nggi yillarda O‘zbekiston qator muhim diplomatik tashabbuslarni ilgari surmoqda

RIM, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. Italiyadagi “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi rahbari, siyosatshunos Sandro Teti “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi va OHICHK sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston qator muhim diplomatik tashabbuslar bilan chiqib, xalqaro maydonda o‘z mavqei va nufuzini mustahkamladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoning yetakchi davlatlari rahbarlari bilan muhim muzokaralar o‘tkazdi. Bunga misol qilib Italiya bilan munosabatlarni keltirish mumkin: O‘zbekiston Prezidentining ushbu mamlakatga tashrifidan so‘ng Bosh vazir Jorja Meloni va Prezident Serjo Mattarella javob tashriflari bilan Toshkentga keldi.

Oktabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrifning birinchi kuni Prezident Ilhom Aliyev bilan ikki tomonlama sammitga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni 2025–2026-yillarda tashkilotga raislik qilayotgan Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK)ning yettinchi sammitida ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Osiyoning turli mintaqalari va Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolardan chuqur xavotirda ekanini bildirdi. U har qanday urush va kelishmovchiliklarni faqat tinch yo‘l bilan – siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq asosida va barcha tomonlarning manfaatlarini hurmat qilgan holda hal etish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

Bundan tashqari, Prezident texnologiyalarning jadal rivojlanishi va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yangi muammolarga e’tibor qaratdi. U iqlim barqarorligi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqdi va inson salohiyatini rivojlantirish forumini ta’sis etishni taklif qildi.

Ushbu platformada yoshlar va ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, sifatli ta’lim olish hamda raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilish kutilmoqda.

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatining yigirmanchi sammitiga mezbonlik qilishi va 2030-yilgacha tashkilotga raislik qilishini eslatdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish