Andijonda xorijda ishlash istagidagi fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Noyabr 08, 2026. 15:30 • 2 daq
• 37ANDIJON, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. Hokim Shuhrat Abdurahmonov boshchiligida Andijon viloyati mas’ul tashkilotlar hamda 34 ta diplomatik vakolatxona rahbarlari ishtirokida videokonferensiya shaklda ochiq muloqot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda fuqarolarni xorijiy mehnat bozori talablariga mos kasb va tilga o‘qitish, ularni yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashtirish hamda bu jarayonga xususiy sektorni jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev elchixonalardagi migratsiya madaniyati, xorijiy mehnat bozoridagi vaziyat, malakali kadrlarga ehtiyoj va Andijon viloyati bilan hamkorlikni kengaytirish xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Muloqot davomida qator muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, ketish oldi tayyorgarlik dasturiga migratsiya madaniyati va xorijiy davlatlar qonunchiligiga rioya etish bo‘yicha ma’lumotlar kiritiladi.
Shuningdek, Rossiya va Belarus mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, viloyatdagi ikkita texnikumni neft-gaz, chorvachilik va zootexnika yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish rejalashtirildi.
Italiyaning Sardiniya hududidagi 2 ming nafar hamshiraga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha pilot loyiha boshlanadi. Yaponiyalik ish beruvchilar va rekruting tashkilotlari ishtirokida Andijonda mehnat migratsiyasi forumini o‘tkazish ham belgilandi.
Ushbu tashabbuslar andijonliklarni xorijda munosib va yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirish, kasbiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


