Qirg‘iziston ilk bor BMT Xavfsizlik kengashining muvaqqat a’zoligiga saylandi
Iyun 04, 2026. 13:55 • 2 daq
• 207
BISHKЕK, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. 3-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasida 2027–2028-yillar uchun BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zolarini saylash bo‘yicha ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Qirg‘iziston tarixda ilk bor mazkur nufuzli organ a’zoligiga saylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BMT yangiliklari”ga tayanib.
Shuningdek, Kengash tarkibiga G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar guruhidan Avstriya va Portugaliya, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari guruhidan Trinidad va Tobago hamda Afrika davlatlari guruhidan Zimbabve kiradi. Saylanish uchun mamlakatlar a’zo davlatlar ovozining uchdan ikki qismini, ya’ni 127 ta ovoz olishi kerak edi.
Qirg‘iziston to‘rtinchi turda 142 ta ovoz to‘plab, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari guruhidan bir o‘ringa da’vogarlik qilgan Filippinni (49 ovoz) ortda qoldirdi. Markaziy Osiyo mamlakati qariyb o‘n yildan so‘ng ilk bor Xavfsizlik kengashiga a’zo bo‘ladi.
“Biz BMT tarixida yangi sahifa ochishda ishtirok etamiz. Tabriklayman, vatandoshlar!” – deb yozdi Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zining “ Facebook”dagi sahifasida.
Ta’kidlash joizki, Xavfsizlik kengashi tarkibiga 15 ta mamlakat kiradi. Ulardan beshtasi – Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya veto huquqiga ega doimiy a’zolardir. Yana o‘n davlat ikki yil muddatga saylanadi. 2026-yil oxirida beshta muvaqqat a’zo – Gretsiya, Daniya, Pokiston, Panama va Somalining vakolat muddati tugaydi. Ularning o‘rnini yangi saylangan mamlakatlar egallaydi.
BMT Xavfsizlik kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Ayrim hollarda Kengash xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash yoki tiklash maqsadida sanksiyalar qo‘llashi yoki hatto kuch ishlatishga ruxsat berishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston va Qozog‘iston bir qator muhim tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi



