Bishkekdagi forumda Markaziy Osiyo davlatlarining sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy loyihalari muhokama qilindi

Noyabr 05, 2026. 17:20 • 2 daq

• 115
Bishkekdagi forumda Markaziy Osiyo davlatlarining sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy loyihalari muhokama qilindi

BISHKЕK, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bishkek shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo sanoat taraqqiyoti mintaqaviy forumida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va mintaqa mamlakatlari iqtisodiy integratsiyasini chuqurlashtirish borasidagi tashabbuslarini taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qirg‘iziston Iqtisodiyot va tijorat vazirligi hamda BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda sanoat transformatsiyasi va investitsiyalarni safarbar etish” mavzusidagi forum 20 ta davlatdan 130 dan ortiq ishtirokchini jamladi.

Yalpi sessiyada O‘zbekiston elchisi Saidikram Niyazxodjayev so‘zga chiqib, mamlakatimizning barqaror sanoat taraqqiyoti masalalari bo‘yicha pozitsiyasini bayon etdi. U an’anaviy o‘zaro savdodan “olti iqtisodiyot – bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishga o‘tish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston tashabbuslari qatoridan Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqish, qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash platformasini yaratish va “Turkiy dunyo – 100” dasturi doirasida yuzta strategik loyihani amalga oshirish kabi yo‘nalishlar ham o‘rin oldi.

Uchrashuvda o‘zbek-qirg‘iz hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollardan oshgani, erishilgan kelishuvlar esa umumiy qiymati 540,6 million dollarlik 52 ta qo‘shma investitsiya loyihasini qamrab olgani qayd etildi.

Avtomobil butlovchi qismlari va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, paxta, jun va terini qayta ishlash, agrosanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika hamda qurilish materiallarini chiqarish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekiston korxonalarni texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda raqobatbardosh va texnologik jihatdan rivojlangan sanoat makonini shakllantirishga hissa qo‘shishga tayyorligi yana bir bor tasdiqlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish