«Perspektywy»: O‘zbekiston “Strategik to‘rtlik” dasturi doirasida Polshaning asosiy hamkorlaridan biriga aylandi

Noyabr 05, 2026. 16:30 • 2 daq

• 46
«Perspektywy»: O‘zbekiston “Strategik to‘rtlik” dasturi doirasida Polshaning asosiy hamkorlaridan biriga aylandi

VARSHAVA, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning ilmiy-ta’lim sohasiga ixtisoslashgan “Perspektywy” portalida “Polsha va O‘zbekiston oliy ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada Polsha vazir o‘rinbosari Marchin Kulyasek va polyak oliy o‘quv yurtlari delegatsiyasining Toshkentga tashrifi qayd etilgan. Delegatsiya tarkibiga qator universitetlarning rektorlari va prorektorlari, shuningdek, Polsha Milliy akademik almashinuv agentligi (NAWA) direktori Voysex Karchevskiy kirdi. 

Nashrning qayd etishicha, polyak vaziri 28-oktabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari, ta’lim va fan vaziri Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda fan va oliy ta’lim sohasida Polshaning muhim hamkori deb atagan.

Portal O‘zbekiston Janubiy Koreya, Turkiya va Vetnam qatorida NAWAning yangi “Strategik to‘rtlik” dasturi qamrab olgan davlatlar qatoriga kirganini ta’kidlaydi. Dastur qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, talablar va olimlarning akademik mobilligini, shuningdek, qo‘shma va ikki tomonlama diplom berish loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan. 

Shuningdek, nashrda polyak delegatsiyasining Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumidagi ishtiroki alohida yoritilgan. Mintaqadagi beshta mamlakatning ta’lim vazirlarini o‘z ichiga olgan mazkur forum 1500 dan ortiq ishtirokchini jamladi. Forum yakunlari bo‘yicha polyak va o‘zbek oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish