Abdul Akbar: O‘zbek tilini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini oshirish kelajak avlodlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi

Oktabr 19, 2026. 08:55 • 3 daq

• 215
Abdul Akbar: O‘zbek tilini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini oshirish kelajak avlodlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi

ISLOMOBOD, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokiston Bosh vaziri Ofisi Matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Abdul Akbar “Dunyo” AAga bergan intervyusida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi:

– 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekistonning birodar xalqiga eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

Pokiston va O‘zbekiston xalqlarini mushtarak e’tiqodimiz, boy tarixiy merosimiz, umumiy ma’naviy qadriyatlarimiz hamda asrlar davomida shakllangan madaniy va sivilizasion aloqalarimizga asoslangan mustahkam birodarlik rishtalari bog‘lab turadi. Chuqur tarixiy ildizlarga, boy adabiy an’analarga va yuksak ma’naviy merosga ega bo‘lgan o‘zbek tili nafaqat O‘zbekiston xalqining milliy iftixori, balki uning tarixi, madaniyati, ma’naviyati va milliy o‘zligini mujassam etgan bebaho boylikdir. O‘zbek tilining ravnaqi va xalqaro miqyosdagi nufuzining ortib borishi o‘zbek xalqining boy madaniy merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Pokiston va O‘zbekiston xalqlarini nafaqat tarixiy va ma’naviy mushtaraklik, balki tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan ezgu maqsadlar ham birlashtirib turadi. O‘zaro hurmat, ishonch va birodarlik tamoyillariga asoslangan munosabatlarimiz ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ishonchim komilki, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy rishtalar va ko‘p yillik samarali hamkorlik kelgusida ham izchil rivojlanib, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar, transport va tranzit, madaniy-gumanitar hamkorlik, ta’lim, turizm hamda xalq diplomatiyasi kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar va o‘zaro tashriflar esa strategik sherikligimizni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish borasidagi qat’iy siyosiy irodaning yorqin ifodasidir.

Ushbu qutlug‘ sana o‘zbek tilining jahon miqyosidagi nufuzini yana-da yuksaltirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy almashinuvni kengaytirish va mushtarak ma’naviy qadriyatlarimizni yana-da yaqinlashtirishga xizmat qilsin. Eng muhimi, bu bayram Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlab, o‘zaro ishonch, hamjihatlik, keng qamrovli hamkorlik va mushtarak farovonlikka asoslangan porloq kelajakni birgalikda barpo etish yo‘lida barchamizni yangi marralar sari ruhlantirsin.

O‘zbekiston xalqining tinchligi, farovonligi va ravnaqiga, o‘zbek tilining abadiy barhayotligi va yanada yuksaklarga parvoz etishiga tilakdoshman.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish