Samarqandda “C5+1” formati doirasidagi ishbilarmonlik dasturiga start berildi

Oktabr 19, 2026. 15:30 • 2 daq

• 96
Samarqandda “C5+1” formati doirasidagi ishbilarmonlik dasturiga start berildi
Samarqandda “C5+1” formati doirasidagi ishbilarmonlik dasturiga start berildi
Samarqandda “C5+1” formati doirasidagi ishbilarmonlik dasturiga start berildi
Samarqandda “C5+1” formati doirasidagi ishbilarmonlik dasturiga start berildi
Samarqandda “C5+1” formati doirasidagi ishbilarmonlik dasturiga start berildi

SAMARQAND, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. Samarqandda AQSh davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi Amerika delegatsiyasining tashrifi doirasida “C5+1” formatidagi tadbirlarning ishbilarmonlik dasturini ochib bergan “Welcome & Orientation” kirish sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh hukumatlari vakillari, yetakchi xalqaro kompaniyalar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etmoqda.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik izchil kengayib borayotgani ta’kidlandi. Ishbilarmonlik dasturi tadbirlarida 400 dan ziyod kompaniya, jumladan, 100 dan ortiq Amerika kompaniyasi, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan 100 ga yaqin kompaniya va O‘zbekistonning 200 ta yetakchi korxonasi vakillari qatnashmoqda.

Asosiy e’tibor qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratildi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xorijiy hamkorlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, xususan, istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida ularga hamrohlik qiladigan ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar va shaxsan biriktirilgan menejerlar orqali ko‘maklashishga tayyor ekani qayd etildi.

AQSh savdo vaziri yordamchisi Devid Fogel, Amerikaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari Rafael Santana (“Wabtec”), Jenni Jonson (“Franklin Templeton”), Mark Kristoff (“Traxys”) va Devesh Sharma (“Aquatech”) mintaqaning ishbilarmonlik salohiyati va rivojlanish istiqbollari borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ishtirokchilarga oltita asosiy yo‘nalish bo‘yicha tadbirlar dasturi taqdim etildi: raqamli texnologiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash, mineral resurslar va tog‘-kon sanoati, energetika va transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati, moliya va investitsiyalar.

Mavzuli sessiyalardan tashqari, dasturda B2B (biznes – biznes) va B2G (biznes – davlat) formatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ular kompaniyalar va davlat tuzilmalari vakillariga investitsiya takliflari, texnologik hamkorlik hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish shartlarini batafsil muhokama qilish imkonini beradi.

Kirish sessiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va uzoq muddatli sheriklikni shakllantirishga qaratilgan bo‘lajak ishbilarmonlik dasturining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish