Aleksandr Kvasnevskiy: O‘zbekistonning so‘nggi 10 yillikdagi islohotlari kelajak uchun mustahkam poydevordir
Sentabr 19, 2026. 09:10 • 8 daq
• 132
VARSHAVA, 19-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning sobiq Prezidenti, “Amicus Europae” jamg‘armasi asoschisi va boshqaruv kengashi raisi Aleksandr Kvasnevskiy O‘zbekistonning so‘nggi 10 yillikdagi keng ko‘lamli islohotlari, natijalari va yutuqlari haqida “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berib, mamlakatimiz xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Bu yil Yangi O‘zbekistonda islohotlar boshlanganiga 10 yil bo‘ldi. Ushbu davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlarni qanday baholaysiz?
– Mamlakatingizda ro‘y bergan o‘zgarishlar har qanday kishida katta taassurot qoldiradi. Islohotlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, bunday saʼy-harakatlar geosiyosiy vaziyat nuqtai nazaridan oson bo‘lmagan davrda hayotga tatbiq etilmoqda. Shunday murakkab vaziyatga qaramay, Prezidentingiz va xalqingizning islohotlarni izchil davom ettirish borasidagi qatʼiyati yuksak hurmatga sazovor.
Yangi O‘zbekiston yangi Konstitutsiyaga ega bo‘lgani juda muhim voqea bo‘ldi. Bu ko‘plab islohot va loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi. Menimcha, yangi Konstitutsiya jamiyat faolligini oshiradi, fuqarolarga o‘z hayoti va mamlakat iqtisodiy faoliyatiga yana-da ko‘proq taʼsir ko‘rsatish imkonini beradi.
O‘zbekiston bugungi jahondagi murakkab vaziyatga qaramay, oqilona va muvozanatli tashqi siyosat yuritmoqda. Xususan, Rossiya va Xitoy bilan yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, Hindiston, Koreya Respublikasi, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bilan munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda faol siyosat yuritmoqda va mintaqada barqarorlik hamda xavfsizlikni taʼminlashga katta hissa qo‘shayotgan yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston ayni paytda o‘zining eng katta imkoniyatlaridan biri – yosh avlod salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish va ulardan samarali foydalanishga jiddiy eʼtibor qaratmoqda.
O‘zbek jamiyati jahondagi eng yosh jamiyatlardan biridir. Biroq yoshlarning o‘ziga xos ehtiyojlari mavjud. Bu – sifatli taʼlim, maktablar, ish o‘rinlari, uy-joy, oila va farzandlar bilan bog‘liq masalalardir. Tabiiyki, bularning barchasi juda keng ko‘lamdagi vazifalarni qamrab oladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbariyatining bu boradagi siyosati juda faol ekanini ko‘rib turibman. Bugun yoshlar mamlakatingizning eng katta kapitali hisoblanadi.
– Sizningcha, oxirgi o‘n yillikdagi izchil o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat, investorlar va xorijiy hamkorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini qay darajada oshirmoqda?
– O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan qator iqtisodiy forumlarda ishtirok etdim. U yerda bildirilgan fikrlar va muhokamalar juda muhim. Chunki biror mamlakatga nisbatan ishonch shakllanishi uchun, avvalo, u davlat samarali boshqarilayotgani, xavfsiz ekani, o‘z majburiyatlarini bajarishi va huquqiy tizimning doimiy ravishda o‘zgarib turmasligiga ishonch bo‘lishi kerak. Ana o‘shanda tadbirkor yoki investor o‘z faoliyatini uzoq muddatga rejalashtirishi mumkin.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, turizm va iqtisodiyotning boshqa yo‘nalishlarida ham katta salohiyatga ega. Mamlakatda yetishtirilayotgan meva va sabzavotlar dunyodagi eng sarxil va sifatli mahsulotlar qatoriga kiradi.
Bugungi zamonaviy jahon iqtisodiyotini belgilab berayotgan sohalarda mamlakatingizning faolligi ham juda muhim. Xususan, raqamli texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot va ekologik muammolarga eʼtibor qaratish lozim.
Men anchadan beri kuzatib kelayotgan yana bir muhim yo‘nalish – turizm va sayyohlik infratuzilmasining jadal rivojlanib borayotganidir. Yurtingizda sayyohlar soni tobora ortib bormoqda, bunda xalqaro aviaqatnovlarning ham ahamiyati juda katta. Varshavadan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys mavjudligidan xursandmiz, mazkur imkoniyatlar turizmni rivojlantirish bilan birga, xalqlarning bir-birini yaxshiroq anglashiga ham katta hissa qo‘shadi.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi amalga oshirayotgan ishlar O‘zbekistonning tanlangan yo‘lda qatʼiy va sobit ekanini namoyon etmoqda.
– O‘zbekiston barqaror rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, ilm-fan, taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish borasida tashabbuslarni faol ilgari surmoqda. Aytingchi, ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni amalga oshirish qanchalik muhim?
– Bugun raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq barcha taklif va tashabbuslar, sunʼiy intellekt va boshqa zamonaviy yo‘nalishlarga javob bera olish uchun sifatli va zamonaviy taʼlimga ega bo‘lish zarur. Bu borada ko‘plab o‘zbek yoshlarining xorijda tahsil olib, eng so‘nggi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shunday yoshlar mamlakatning yana-da taraqqiy topishida asosiy tayanch hisoblanadi.
Fikrimcha, O‘zbekistonda buning uchun zarur shart-sharoitlar mavjud. Agar “yashil” iqtisodiyot haqida gapiradigan bo‘lsak, quyoshli yurtingizda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ancha ko‘p. Shuning uchun quyosh energetikasi, fotoelektrik texnologiyalar va boshqa yashil energetika yo‘nalishlariga jiddiy eʼtibor qaratish kerak.
Boshqa tomondan, O‘zbekistonda suv resurslari bilan bog‘liq muammolar mavjud. Bu yerda ham yerlarni yana-da samarali sug‘orish va mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradigan yechimlarni topish zarur.
Shu bilan birga, suv resurslarini to‘plash, boshqarish va taqsimlash masalalari bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan kelishgan holda harakat qilish lozim. Suv nizolar manbai emas, balki odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladigan umumiy resurs bo‘lishi kerak.
Mamlakatingizga qilgan safarlarim davomida xalqingizning mehnatkashligi va tadbirkorligi menda katta taassurot qoldirgan. Odamlar tavakkal qilishdan qo‘rqmaydi, kichik bo‘lsada, o‘z biznesi yoki ishlab chiqarishi bo‘yicha ishbilarmonlik qilishga intiladi. Albatta, kichik biznes yo‘nalishini rivojlantirish xalqni va mamlakatni boy qiladi.
Polsha tajribasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishida kichik va o‘rta korxonalar muhim o‘rin tutgan. Shu bois, har qanday turdagi ishlab chiqarish yoki tadbirkorlik loyihasidan cho‘chimaslik kerak.
– O‘zbekiston so‘nggi o‘n yillik davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega qator tashabbuslarni ilgari surdi. Sizningcha, ushbu tashabbuslar xalqaro hamjamiyat uchun qanchalik ahamiyatga ega?
– Men Markaziy Osiyoga oid bunday tashabbuslarni juda muhim, deb hisoblayman. Hozirgi kunda dunyo avvalgiga nisbatan ancha beqaror. Ana shunday sharoitda O‘zbekistonning hamkorlikka intilishi va murakkab masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erisha olish qobiliyati tufayli Markaziy Osiyoning barqaror mintaqa bo‘lib qolayotgani nihoyatda muhim.
Bu ayniqsa muhim, chunki biz Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh bo‘lgan yirik va murakkab mintaqa haqida so‘z yuritmoqdamiz. O‘zbekiston amalga oshirayotgan ishlarni doim yuqori baholab kelganman. Mamlakatning Qozog‘iston va Markaziy Osiyodagi boshqa qo‘shni davlatlar bilan yaxshi munosabatlarini ham alohida qadrlayman. Shuningdek, O‘zbekistonning muvozanatli va barqaror tashqi siyosati ham to‘g‘ri yo‘nalishda, deb hisoblayman. Chunki siz barcha muhim global aktorlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilayapsiz va bu – oqilona siyosat.
Rossiya, Xitoy va AQSH rasmiy Toshkent uchun muhim hamkor. Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan kelishuvlar ham juda ahamiyatli. Shu bois, muvozanatli, barqaror va uzoq muddatli tashqi siyosat haqida to‘xtalganda, yurtingizning to‘g‘ri qadamlar tashlayotganini alohida taʼkidlash kerak.
– Sizningcha, O‘zbekistonning izchil islohotlar tajribasi qaysi jihatlari boshqa davlatlar uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin?
– Avvalo, islohotlarni boshlashdan cho‘chimaslik zarur. Chunki ko‘p hollarda asosiy muammo – siyosatchilarda “Islohotlarni boshlasak, natijasi qanday bo‘ladi?” degan xavotir uyg‘onadi. Mavjud qiyinchiliklarni to‘g‘ri anglash zarur va quvonarlisi, O‘zbekiston xuddi shunday yo‘lni tutmoqda.
Yosh jamiyatda ish o‘rinlarini ko‘paytirish va sifatli taʼlimga alohida eʼtibor qaratish zarur. Bu yo‘nalishda oldinga harakat qilish kerak. Dunyo va jahon iqtisodiyoti o‘zgarmoqda. Shuning uchun zamonaviy tarmoqlarni taraqqiy ettirish zarur.
Ekologik va raqamli yechimlarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yana-da raqobatbardosh va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega shaklga o‘tkazish zamon talabiga aylangan. Avval ham aytganimdek, insonlar salohiyatidan samarali foydalanish kerak. Yaʼni, kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish zarur – bu bugungi kunning eng muhim talabidir.
Islohotlar samaradorligini oshirishda byurokratiyani qisqartirish muhim ahamiyatga ega. Chunki byurokratiya mamlakat oldida turgan muammolarni bartaraf etishda asosiy to‘siq bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistondagi islohotlar tajribasidan ko‘plab ijobiy misollarni olish mumkin. Albatta, har bir mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari borligini ham unutmaslik lozim. Bir mamlakat tajribasini boshqa mamlakatga ko‘chirish kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Biroq tan olish kerak, bugungi O‘zbekiston o‘ziga xos laboratoriyadir. Uni kuzatish, undan o‘rganish, mamlakatga kelish va ijobiy tajribalardan unumli foydalanish zarur.
– So‘nggi yillarda Polsha kompaniyalarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshganini kuzatmoqdamiz. Bu, ayniqsa, energetika, sanoat, infratuzilma va zamonaviy texnologiyalar kabi sohalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Sizningcha, o‘zaro iqtisodiy hamkorlikning qaysi sohalarida hali to‘liq ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud?
– Darhaqiqat, ikki tomonlama munosabatlar oxirgi paytlarda ancha muvaffaqiyatli kechmoqda. Men ekologiya sohasidagi hamkorlik istiqbollariga katta ishonch bilan qarayman. Jumladan, Orol dengizi kabi ekologik jihatdan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan yana-da samarali foydalanish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini rivojlantirish muhim yo‘nalishlar hisoblanadi.
Polsha infratuzilma qurilishi borasida katta tajribaga ega. So‘nggi yillarda mamlakatimizda avtomobil yo‘llari va avtomagistrallar qurilishi jadal olib borilmoqda. Bu borada Polsha korxonalari O‘zbekistondagi turli infratuzilmaviy loyihalarda ham faol ishtirok etishi mumkin.
Polsha farmatsevtika sohasini ham faol tarzda rivojlantirmoqda. Bu ham o‘zaro hamkorlik uchun muhim yo‘nalish sanaladi. Polsha aholisining qariyb 40 million ekanini inobatga olib, turizm yo‘nalishida ham aloqalarni rivojlantirish istiqbolli hisoblanadi.
Afsuski, O‘zbekiston ko‘plab polyaklar uchun hali ham yetarlicha tanish emas. Hozir Varshavadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov mavjud va parvoz ham unchalik ko‘p vaqt olmaydi. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani ziyorat qilish har qanday sayyohda katta taassurot qoldiradi.
Shuningdek, Polshada amalga oshirilayotgan islohot va boshqaruv yechimlari O‘zbekiston tomoni uchun ham qiziqarli bo‘lmoqda. Xususan, Polshada davlat boshqaruviga qiziqish bildirgan delegatsiyalarni qabul qildik. Bu borada o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashishga doim tayyormiz.
Polsha va O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrini muvaffaqiyat bilan amalga oshirgan. Biz g‘oyalar, loyihalar va yondashuvlar nuqtai nazaridan bir-birimizga ko‘p narsa taklif qila olamiz. Shu bois, hukumatlararo aloqalar, oliy darajadagi muloqotlarni izchil rivojlantirishni qatʼiy qo‘llab-quvvatlayman.
– Yangi O‘zbekiston islohotlari boshlanganining 10 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz rahbariyati va xalqiga tilaklaringiz.
– O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda. So‘nggi 10 yil muvaffaqiyatli kechdi va bu davr ichida yorqin kelajak uchun mustahkam zamin yaratildi. Endi ushbu yo‘lni davom ettirish va xalqaro maydondagi hozirgi murakkab vaziyatda qatʼiyat ko‘rsatish kerak.
Polshada 1990-yillarning o‘rtalarida katta islohotlarni boshlaganimizda xalqaro muhit nisbatan barqaror va qulay edi. Bugun esa xalqaro maydondagi vaziyat butunlay o‘zgacha. Shu boisdan, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga kuch va g‘ayrat, tinchlik va farovonlik tilayman.
O‘zbekiston bugungi siyosatida davom etsa, u Markaziy Osiyo, umuman, jahon miqyosida qudratli mamlakatlardan biriga aylanadi.
Ana shu yo‘lda izchil harakat qilishingizda tilakldoshman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi