O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda intensiv baliqchilik va energotejamkor limonchilikni rivojlantirish choralari belgilandi
Oktabr 20, 2026. 19:08 • 3 daq
• 18
TOSHKENT, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish va energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda intensiv usuldagi baliqchilikni kengaytirib, yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish vazifasi qo‘yilgan. Taqdimotda bu maqsadga erishish uchun meliorativ tik quduqlar imkoniyatidan foydalanish rejalari Baliqchi tumani misolida ko‘rib chiqildi.
Tumandagi 24 ta quduq atrofida chavoq va ozuqa ta’minotidan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi intensiv baliqchilik majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan. Har bir 50 sotixlik loyihada yiliga kamida 30 tonna forel balig‘ini yetishtirish va 10 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Loyihalarni yagona tizimda boshqarish uchun baliqchilik xoldingini tashkil etish taklif qilindi.
Baliqchi tajribasini boshqa hududlarga tatbiq etish maqsadida 2027-yil 1-martga qadar respublikadagi 4 mingdan ziyod meliorativ tik quduqni xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Baliq yetishtirishga yaroqli quduqlarni ilg‘or tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Xonobodda sovuq suv baliqlarini yetishtirish va qayta ishlash, Ulug‘norda esa suv havzalari negizida baliqchilik loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.
Taqdimotning ikkinchi qismi Baliqchi tumani misolida limonchilikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Tumandagi to‘qqizta mahalla atrofidagi 100 gektar maydonda energotejamkor issiqxonalar qurib, ularni tayyor holda tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda. Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va sotish ishlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtiriladi.
Loyihaga ishsiz va kambag‘al oilalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 ta issiqxonada mahalliy oilalardan kamida 1 ming nafar kishi ish bilan ta’minlanadi. Limon ko‘chatlari hosilga kirguniga qadar oraliq ekinlar yetishtirish orqali qo‘shimcha daromad olish mumkin bo‘ladi.
Baliqchi tajribasi asosida kelgusi yil hududlarda jami 200 gektar maydonda kambag‘al oilalar va ishsizlar uchun energotejamkor issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ikki mingta oilaning daromadini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Taqdimot yakunida davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholini baliqchilik va limonchilikka o‘qitish xarajatlarini qoplab berish choralarini ko‘rish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi