Devid Ejington: O‘zbekiston rivojlanayotgan bozor sifatida amerikalik investorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda

Oktabr 20, 2026. 17:30 • 2 daq

• 101
Devid Ejington: O‘zbekiston rivojlanayotgan bozor sifatida amerikalik investorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda

SAMARQAND, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishi ishtirokchisi, Amerikaning “KBR” kompaniyasi strategiya va rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy direktori Devid Ejington “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekistondagi investitsiya muhiti va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

– O‘zbekiston rivojlanayotgan bozor sifatida amerikalik investorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ko‘rib turibmizki, mamlakat hukumati tadbirkorlikni rivojlantirishga bel bog‘lagan va xorijiy sheriklar bilan hamkorlikka ochiq.

Forum davomida biz “KBR” va umuman Amerika kompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan ko‘plab biznes va tashkilotlar vakillari bilan uchrashdik. Biz ushbu imkoniyatdan juda mamnunmiz va kelgusidagi o‘zaro hamkorlik uchun yaxshi istiqbollarni ko‘rmoqdamiz.

Kompaniyamizga kelsak, “KBR” asosan neft-gaz sanoati va infratuzilma loyihalariga ixtisoslashgan. Biz muhandislik loyihalarini boshqarish, texnologiyalarni litsenziyalash hamda boshqa texnik va muhandislik yechimlarini amalga oshirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatamiz.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda Amerika biznesi uchun imkoniyatlar ancha keng bo‘lib, neft-gaz sektori va axborot texnologiyalaridan tortib infratuzilma, mehmonxona biznesi va xizmat ko‘rsatish sohalarigacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Fikrimcha, Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi tijoriy munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. O‘zaro manfaatdorlik, muloqotga tayyorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarining uyg‘unligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga zamin yaratadi.

O‘zbekiston xorijiy investitsiyalarni jalb etish va biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan manfaatdorligini namoyon etmoqda. Qo‘shma Shtatlar bilan mustahkam munosabatlarning mavjudligi va mamlakatning xalqaro sheriklikka ochiqligi ham muhim rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari, investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan mexanizmlar va dasturlar xorijiy kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Bularning barchasi hamkorlik istiqbollariga ishonch bilan qarash imkonini beradi. Biz ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlashga umid qilamiz va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz.

Uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishda ishtirok etgan holda, “KBR” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish imkoniyatini intiqlik bilan kutamiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish