Afg‘onistonda Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosiga bag‘ishlangan maʼrifiy kecha bo‘lib o‘tdi
Fevral 15, 2026. 11:09 • 2 daq
• 150
MOZORI SHARIF, 15-fevral. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridagi “Fajr” radiostansiyasi binosida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan keng qamrovli adabiy-maʼrifiy kecha tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Afg‘onistonda istiqomat qilayotgan vatandoshlar o‘rtasida milliy maʼnaviy merosni mustahkamlash, ulug‘ ajdodlar o‘gitlarini targ‘ib qilish hamda yosh avlod qalbida ona tili va adabiyotga bo‘lgan muhabbatni kuchaytirish maqsadida o‘tkazildi. Unda taniqli navoiyshunoslar, ijodkorlar, Bosh konsulxona xodimlari hamda Balx, Samangan, Jo‘zjon va Faryob viloyatlaridan kelgan vatandoshlar ishtirok etdilar.
Anjumanning ochilish qismida ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik, xususan, adabiyot va maʼnaviyat sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga alohida urg‘u berildi. “Fajr” radiostansiyasi rahbari, siyosiy fanlar doktori Abdul Rauf Tavono o‘z nutqida Alisher Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki Afg‘oniston hududida yashovchi barcha millat va elatlar uchun qadrli siymo ekanini taʼkidladi. Shuningdek, mutafakkirning insonparvarlik va ilm-maʼrifatga chorlovchi g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagani qayd etildi.
Balx universiteti o‘zbek va turkiy tillar departamenti professor-o‘qituvchilari o‘z maʼruzalarida Navoiyning turkiy til nufuzini oshirishdagi xizmatlarini tahlil qildilar. Tadbir doirasida afg‘on o‘zbek adiblari hamda zamonaviy shoirlarning asarlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Yakunida ishtirokchilarga Alisher Navoiy asarlari sovg‘a qilindi. Bu kabi maʼnaviy uchrashuvlar mintaqada o‘zbek tili va madaniyatini asrab-avaylash hamda xalqlararo do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
