Ozarbayjonda “Barhayot Alisher Navoiy” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi
Fevral 07, 2026. 10:00 • 2 daq
• 188BOKU, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yillik yubileyini keng nishonlash maqsadida Boku shahrida “Barhayot Alisher Navoiy” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dastlab, Alisher Navoiyning Boku shahridagi haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi (OMFA)da Alisher Navoiyga bag‘ishlangan “Barhayot Alisher Navoiy” (“Yaşayan Əlişir Nəvai”) mavzusida ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda Bokudagi Markaziy Osiyo mamlakatlari elchilari, Parlamentlararo do‘stlik guruhi aʼzolari, “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari va adabiyotshunoslar ishtirok etdi.
Mamlakatimizning Bokudagi elchisi Baxrom Ashrafxonov so‘zga chiqib, Alisher Navoiy adabiy merosining jahonda tutgan o‘rni, Ozarbayjon xalqi Navoiyni o‘z shoiri sifatida hurmat qilishini alohida qayd etdi.
Konferensiyada Turkiyaning Ozarbayjondagi elchisi Birol Akgyun, Ozarbayjon parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari, deputat Eldar Ibragimov, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi Madaniyat elchisi Gyunay Efendiyeva, OMFA prezidenti Isa Gabibbeyli hamda ko‘plab yozuvchi va shoirlar Navoiy ijodi xususida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, akademik Isa Gabibbeyli Alisher Navoiyning jahon adabiyoti va madaniyatiga qo‘shga hissasini eʼtirof etib, uning umumturkiy adabiyoti cho‘qqisida turuvchi yorqin shaxslar qatoridan o‘rin egallaganini alohida taʼkidladi. U Ozarbayjon Navoiy merosiga oid qo‘lyozmalarni saqlash bo‘yicha Toshkentdan keyingi eng yirik markaz ekanini maʼlum qildi.
Elchi Baxrom Ashrafxanov ishtirokchilar diqqatini qiziqarli faktga qaratdi: “Bundan 100 yil avval, 1926 yilda mazkur binoda Birinchi turkologik qurultoy bo‘lib o‘tgan. Ushbu tadbirda ko‘plab delegatsiyalar, shu jumladan, O‘zbekistondan vakillar ishtirok etgan. Ushbu qurultoy doirasida Alisher Navoiyning 485 yilligi nishonlangan. Bugun esa, 100 yil o‘tib, aynan shu muhtasham binoda buyuk davlat arbobi Mir Alisher Navoiyning 585 yilligini nishonlayapmiz. Biz bugun tarixiy voqea ishtirokchilarimiz”, deya fikr bildirdi.
Turkiya elchisi Birol Akgyun o‘z nutqida Alisher Navoiy turkiy xalqlarning umumiy madaniy merosi va madaniy ongiga taʼsir ko‘rsatgan qudratli shaxs ekanini aytdi. Uning fikricha, o‘zbek shoiri yozgan asarlar turkiy dunyoning maʼnaviy yuksalishiga xizmat qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




