Saudiya Arabistonida o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi

Oktabr 22, 2026. 08:10 • 2 daq

• 142
Saudiya Arabistonida o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi

AR-RIYOZ, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi tashabbusi bilan Dammam shahridagi Podshoh Fahd nomidagi Neft va minerallar universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi va O‘zbek tili kuniga bag‘ishlandi. Suhbat davomida mamlakatimiz mustaqillik yillarida erishgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ona tili va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashning ahamiyati muhokama qilindi.

Muloqot davomida xorijda tahsil olayotgan yoshlarning bilim va tajribasini O‘zbekiston taraqqiyotiga yo‘naltirish, mamlakatimizni xalqaro maydonda munosib namoyon etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda talabalarning yashash va ta’lim olish sharoitlari, ularni qiziqtirgan masalalar hamda mavjud ehtiyojlar o‘rganildi. Elchixona vakillari konsullik masalalari yuzasidan tushuntirishlar berib, zarur hollarda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Mazkur muloqot yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, milliy o‘zlikni anglash va xorijda tahsil olayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish