“Tehran Times”: Islom sivilizatsiyasi markazi – O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi madaniy timsoli

Oktabr 22, 2026. 09:30 • 2 daq

• 246
“Tehran Times”: Islom sivilizatsiyasi markazi – O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi madaniy timsoli

TEHRON,-22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Eronning “Tehran Times” nashrida Toshkentga tashrif buyurgan eronlik jurnalistning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taassurotlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallifning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning boy tarixi, ilmiy yutuqlari va madaniy merosini namoyon etuvchi yirik majmuadir. Ushbu markaz nafaqat mamlakat, balki butun islom olamining sivilizatsion merosini o‘rganish uchun muhim maskan hisoblanadi.

Markazning to‘rtta baland peshtoqi O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon va boshqa tarixiy shaharlariga xos me’moriy an’analarni mujassam etgan. Balandligi 60 metrdan oshadigan markaziy gumbaz ostida ko‘rgazma zallari, kutubxona, ilmiy-tadqiqot va ta’lim maydonlari joylashgan.

Ekspozitsiyalar qadimgi sivilizatsiyalardan boshlanib, islomgacha bo‘lgan davr, VIII–XIII asrlardagi ilmiy yuksalish, Temuriylar davri va zamonaviy O‘zbekiston tarixini qamrab oladi.

Markazda Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy va Al-Forobiy kabi jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlarning hayoti va faoliyati yoritilgan.

Raqamli texnologiyalar, interaktiv xaritalar va sun’iy intellekt yordamida tashrif buyuruvchilar tarixiy shaxslar, ularning kashfiyotlari hamda Buyuk Ipak yo‘li orqali kechgan madaniy almashinuvlar haqida ma’lumot olishlari mumkin.

Sayohatchi jurnalistning qayd etishicha, markazning eng muhim eksponatlaridan biri – VII asrga mansub deb hisoblanadigan, an’anaviy ravishda xalifa Usmon ibn Affon nomi bilan bog‘liq Usmon Qur’onidir.

Shuningdek, qadimgi Baqtriyaga oid topilmalar, Kushon davri haykallari, islom ilm-faniga oid qo‘lyozmalar, diniy osori atiqalar va Temuriylar davri miniatyuralari namoyish etilgan.

Markazning muhim jihatlaridan biri – Markaziy Osiyo va Eron o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni namoyon etishidir. Ayniqsa, Eronning Sheroz shahri bilan bog‘liq fors miniatyuralari, fors tilining adabiyot va boshqaruvdagi o‘rni, olimlar va hunarmandlarning mintaqalar o‘rtasidagi harakati ikki xalqning mushtarak sivilizatsion merosini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish