“The Nation”: Samarqandda bolalar farovonligiga sarmoya kiritishga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti boshlandi

Oktabr 21, 2026. 21:30 • 2 daq

• 3
“The Nation”: Samarqandda bolalar farovonligiga sarmoya kiritishga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti boshlandi

ISLOMOBOD, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Nation” nashrida Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” mavzusida Butunjahon sammiti boshlangani haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, ushbu sammitda 100 dan ortiq mamlakatdan 600 nafardan ziyod siyosatchi, xalqaro tashkilotlar vakillari, mutaxassislar hamda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi ekspertlar ishtirok etmoqda.

Sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatlari o‘qib eshittirildi.

Maqolada ta’kidlanishicha, forum kun tartibidan bolalar qashshoqligini kamaytirish, maktabgacha va maktab ta’limini takomillashtirish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, bolalarni zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilish masalalari o‘rin olgan.

Tadbir davomida bolalar onkologiyasi mavzusiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muallifning ta’kidlashicha, bugungi kunda bolalarga yetarlicha sarmoya kiritmaslik kelajakda iqtisodiy va ijtimoiy muammolarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Nufuzli yig‘ilishda Pokiston nomidan autizm sohasida faoliyat yurituvchi “Oasis Trust” tashkiloti asoschisi va rahbari Aysha Xarun qatnashmoqda. Tadbir doirasida xorijiy delegatsiyalar O‘zbekistondagi tibbiyot, ta’lim va ijtimoiy himoya muassasalari faoliyati bilan tanishadi.

Ushbu sammit O‘zbekiston uchun amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarni xalqaro hamjamiyatga namoyish etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash imkoniyatidir. Forum yakunida Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Ushbu hujjat bolalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, asosiy ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda bolalar rivojlanishi uchun ajratiladigan resurslarni ko‘paytirish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarga asos bo‘lishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish