O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qurilish va dizayn sohasida qo‘shma loyihalar muhokama qilindi
Avgust 01, 2026. 10:30 • 2 daq
• 198
QOHIRA, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida mazkur mamlakatning qurilish va interyer dizayni sohasida faoliyat yurituvchi “Takweenat” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qurilish, arxitektura hamda interyer dizayni sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Misrlik ishbilarmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari va investitsiyaviy islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimiz bozorida faol ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Xususan, ular mahalliy xususiy kompaniyalar bilan hamkorlikda turar-joy majmualari, tijorat binolari hamda boshqa infratuzilma obyektlarini loyihalash, zamonaviy interyer dizayn yechimlarini ishlab chiqish va amalga tatbiq etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Uchrashuv davomida sohada kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun qurilish va interyer dizayni yo‘nalishlarida onlayn va oflayn formatlarda o‘quv kurslari, malaka oshirish dasturlari, amaliy seminarlar hamda tajriba almashinuvini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni izchil davom ettirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va o‘zaro aloqalarni yana-da faollashtirish yuzasidan ham fikr-mulohaza almashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi